Rossiya, Polsha, Belarus, Ukraina kabi mamlakatlarning nufuzli mutaxassislari to‘g‘ridan to‘g‘ri va onlayn ishtirok etgan mazkur anjuman tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy uslublarini kundalik tibbiy amaliyotga tatbiq etish, shuningdek terapiya sohasidagi vrachlarning o‘zaro bilim almashishlariga imkon yaratishni ko‘zda tutadi.

Unda o‘zbekistonlik va xorijlik ma’ruzachilar kardiologiya, antibiotikoterapiya, gastroenterologiya, nevrologiya, akusherlik-ginekologiya, pediatriya va endokrinologiya sohalari, ayniqsa murakkab kasalliklarni kompleks davolashda dori vositalarini qo‘llash bo‘yicha o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda ham sifat jihatidan yuksak talablarga javob beradigan tibbiyot muassasalarining mukammal tarmog‘i yaratilgani yurtimizda salomatlik ko‘rsatkichlari barqarorligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Kongress doirasida yangi dori vositalari, axborot texnologiyalari va tibbiyot asbob-uskunalari, tibbiyotga oid buyumlar va maxsus nashrlar ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi. 

Unda minglab ishtirokchilar mamlakatimiz va xorijiy farmasevtika kompaniyalarining yangi ishlanmalari bilan tanishish, innovasion dori vositalari, ularning samaradorligi va o‘ziga xos xususiyatlari haqida bevosita ishlab chiqaruvchilardan  ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ladi.

Kongress zamonaviy tibbiyot yutuqlarining O‘zbekistonda rivojlanishi va ommalashuviga, uzluksiz professional tibbiy ta’limni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga zamin bo‘ladi.