Turar-joy binolarining yertoʻlalaridan uy-joy sifatida foydalanishning tartibi qanday?

    AOKAda oʻtkazilgan brifingda Qurilish vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov bu borada batafsil maʼlumot berdi.

    Tadbirda qayd etilishicha, Bosh loyiha institutlari tomonidan 5,7,9,12 va 16 qavatli turar joy binolarining yarimertoʻla qismida yashash xonadonlarini joylashtirish boʻyicha namunaviy loyihalari ishlab chiqildi. Bu turdagi uy-joylar loyihalarida zamonaviy energiya tejamkor qurilish materiallaridan keng miqyosda foydalanish nazarda tutilgan.

    Endi savol tugʻiladi. Yangi qurilayotgan turar joy binolarining yarim yertoʻla yaʼni, (sokol) qavatlarida qanday hollarda yashash xonalarini joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi?

    Birinchi navbatda yerosti suvlari yer sathidan 3 m va undan pastda boʻlgan hududlarda, shuningdek, yarim yertoʻla (sokol) qavatining kamida 1/3 qismi yer sathidan yuqorida loyihalashtirilganda, yertoʻla xonalarining poldan shiftgacha boʻlgan balandligi 2,4 metrdan kam boʻlmaganda ruxsat etiladi.

    Qolaversa, gorizontal muhandislik tizimlar yashash xonalarini inobatga olgan holda joylashtirilganda, xonalarning tashqi devorlari va pollarida issiqlik himoyasi taʼminlanganda, tegishli sanitariya qoida va normalari talablari bajarilganda, yashash xonalaridan toʻgʻridan-toʻgʻri tashqariga chiquvchi derazalar oʻrnatilganda, havoning yaxshi aylanishi taʼminlanganda yashash xonalarini joylashtirish mumkin.

    Shuningdek, yarim yertoʻla qavatidagi oshxona va sanitariya xonalari kanalizatsiya tizimi, binoning umumiy kanalizatsiya tizimi sathidan yuqori joylashganda hamda qaytaruvchi klapan bilan jihozlanganda, taom tayyorlash uchun elektr plitalardan foydalanilganda, tabiiy va suyultirilgan gazlarda, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarda hamda portlab yonish xavfiga ega boʻlgan boshqa moddalar va materiallarda ishlovchi qurilma va asbob-uskunalar koʻzda tutilmaganda ham ruxsat berilshi mumkin.

    Yarim yertoʻlada yashash xonadonlari joylashtirilganda quyidagi evakuatsiya talablari taʼminlanishi lozim. Yaʼni, kirish eshiklari tashqi tomonga ochilishi hamda yongʻin xavfi vujudga kelganda odamlarni evakuatsiya qilish uchun kamida ikkita toʻgʻridan-toʻgʻri tashqariga chiquvchi joylari koʻzda tutilishi kerak.

    Qolaversa, xonadonlar faqatgina yoʻlak tipida loyihalashtirilishi hamda kvartiradan evakuatsiya chiqish joyiga bittadan koʻp boʻlmagan burilish orqali yetib borilishini taʼminlanishi ham zurur.

    Xonadonning chiqish eshigidan eng uzoqda joylashgan evakuatsiya chiqish joyigacha boʻlgan masofa 12 metrdan oshmasligi, shuningdek, binoning yuqori qavatlari bilan yarim yertoʻla qavatlari zina kataklari toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlanmasligi, har bir xonadon avariya chiqish joylari bilan taʼminlanishi va bu chiqish joylari odamlarni qutqarishga toʻsqinlik qiluvchi vositalar bilan toʻsilmasligi lozim.

    Yarim yertoʻla qavatida joylashgan xonadonlarning foydali va yashash maydonlari loyihalarda 0,5 koeffitsiyent bilan hisobga olinishi ham qatʼiy belgilangan.

    Shu oʻrinda Koʻp kvartirali turar-joy uylarning ichki tutashtirib qurilgan xonalarida, shuningdek yertoʻla va yarim yertoʻla qavatlarida quyidagilarni joylashtirishga yoʻl qoʻyilmasligini ham aytib oʻtmoqchiman.

    Yaʼni, uyni qurishda oʻtiriladigan joylari soni loyiha hujjatlarida nazarda tutilmagan, shuningdek soat 23.00 dan keyin ham ishlaydigan umumiy ovqatlanish korxonalari, restoranlar, kafelar, kafeteriylar, barlar, kimyoviy tovarlar, sabzavot va baliq mahsulotlarini, shuningdek gaz ballon, kimyo vositalari, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda portlab yonish xavfliligi jihatidan xavfli boʻlgan boshqa moddalar va materiallar bor boʻlgan mahsulotlarni sotuvchi doʻkonlarni tashkil qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Ishlab chiqarishida tez yonuvchi moddalarni qoʻllovchi kimyoviy tozalash xonalari, 10 tadan ortiq ish oʻrniga ega boʻlgan poyabzal tikish va taʼmirlash ustaxonalari, hammomlar va saunalar, aloqa tarmoq stansiyalari, shaharlararo aloqaning kecha-kunduz foydalaniladigan soʻzlashuv punktlari va telegraf, jamoat hojatxonalari, marosimlar bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatish muassasalari, sanoat korxonalari faoliyatining barcha turlari, uy hayvonlari va parrandalar boqishga yoki koʻpaytirishga moʻljallangan joylar tashkil qilishga ruxsat etilmaydi.

    Jismoniy va yuridik shaxslarning transport vositalari uchun garajlar (maxsus loyiha asosida qurilgan garajlar bundan mustasno), yashash joylari, kinoteatr, yotoqxona va mehmonxonalar tashkil etish ham mumkin emasligi belgilab qoʻyilmoqda.

    Turar joy binosida hamda uning tomi va konstruksiyalarida jamoat ahamiyatiga ega boʻlgan binoga xizmat koʻrsatishga moʻljallanmagan, oʻzidan zararli moddalar ajratuvchi, shovqin va vibratsiya hosil qiluvchi, yomon taʼsir koʻrsatuvchi nurlanish manbai boʻlgan qurilmalarni joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Ushbu shaharsozlik norma qoidalariga muvofiq turar joy binolarida joylashtiriladigan shtatli uskunalar bundan mustasno hisoblanadi.

    Yashashga moʻljallangan hamda texnik qavatlarda va chordoqlarda koʻchma yoki boshqacha radioaloqa baza stansiyalari hamda boshqa radiouzatuvchi qurilmalarni joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Yana bir jihat. Yashashga moʻljallanmagan jamoatchilik va maʼmuriy-xizmatchilik xonalarida Shaharsozlik norma qoidalariga muvofiq avtomatik yongʻin signalizatsiyasi, yongʻindan xabarlash va avtomatik oʻt oʻchirish koʻzda tutilishi kerak.

    Mavjud turar joy binolarining texnik tagxonalari, yertoʻla va yarim yertoʻla qavatlarida maishiy xizmat qoʻrsatish korxonalari, xususiy biznes ustaxonalari va tadbirkorlik faoliyati obyektlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda joylashtirilishi mumkin.

    Bunda koʻp kvartirali uyning yertoʻlasida quyidagilarning joylashtirilishiga yoʻl qoʻyiladi.

    Yaʼni oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari bilan savdo qilish doʻkonlari, maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari, sartaroshxonalar, poyabzal tikish va taʼmirlash, optika, soat sozlash ustaxonalari, tikuvchilik va kashtachilik, atelye), umumiy ovqatlanish korxonalari, restoranlar, kafe, kafeteriylar, muzqaymoq va chanqovbosdi ichimliklar barlari, bank xizmatlari koʻrsatish tashkilotlari, aloqa xizmatlari koʻrsatish tashkilotlari va kuryerlik faoliyati, gazetalar, jurnallar va kitob mahsulotlari bilan savdo qilish doʻkonlari, rassomchilik va haykaltaroshlik ustaxonalari, xizmat koʻrsatish va tadbirkorlarning ofislari hamda idoralari, video va fotosuratga olish hamda kompyuter xizmatlari, tarjima va tahrir xizmatlari, dizayn, chizmachilik-grafika tashkilotlari, kiyim-kechak va idishlarni ijaraga berish tashkilotlari, rieltorlik tashkilotlari, gazlamalarga naqshlar solish, trafaretli bosma va qoʻlda rasm chizish ustaxonalari, jismoniy tarbiya va sport muassasalari, davlat tashkilotlari, sugʻurta tashkilotlariga ruxsat beriladi.