Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti hamda BMT bosh Assambleyasining 1988 yilidagi qaroriga asosan, 1 dekabr` Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni sifatida  nishonlanadi. SHu munosabat bilan SSV Matbuot xizmati Respublika OISTga qarshi kurash markazi direktori Qahramon Yuldashevga mavzuga doir savollar bilan murojaat qildi.

Mamlakatimizda OIV va OITSga qarshi kurashda qanday natijalarga erishilmoqda?

— OIV infektsiyasi hozirgi kunda barcha mamlakatlar uchun global muammoga aylangan. OIV epidemiyasi boshlangandan buyon 75 milliondan ortiq kishi u bilan bilan kasallangan. Bu esa o'z navbatida  inson salomatligiga, mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hamda xavfsizligiga rahna solayotir.

 O'zbekistonni ham bu xavf chetlab o'tmagan. 2020 yilning 1 noyabr` holatiga respublikamizda OIV infektsiyasi bilan yashovchilar soni 43 581 nafarni   tashkil etmoqda.

Mamlakatimizda OITSga qarshi kurash tizimi oxirgi yillarda o'z faoliyatining barcha yo'nalishlarida qator yutuqlarga erishib kelmoqda. YUrtimizda OIV infektsiyasi bo'yicha epidemik vaziyatda barqarorlashish kuzatilmoqda. Bu esa BMTning OIV va OITS bo'yicha qo'shma dasturining dunyo miqyosida tan olingan “90-90-90” strategik maqsadlariga erishishida katta ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda 78 ta OIV diagnostika laboratoriyalari faoliyat olib bormoqda, ulardan 15 tasi OITSga qarshi kurash markazlaridagi laboratoriya komplekslari va 63 ta tumanlararo laboratoriyalardir. Ushbu laboratoriyalarda IFA, immunoblot, PTSR, immunologik, klinik, biokimyoviy va bakteriologik tekshiruvlar o'tkaziladi. Davlatimiz tomonidan laboratoriyalarni test-sistema va reagentlar bilan ta'minlash uchun har yili 8 milliard so'mdan ortiq mablag' ajratilmoqda.

Kasallikni aniqlash va davolashda qanday usullardan foydalanilmoqda?

—OIV aniqlangan shaxslarni davolashning dunyoda tan olingan usuli – retrovirusga qarshi davolash bo'lib,  respublikamizda bemorlarning 70 foizdan ortig'i ushbu davolash usuli bilan qamrab olingan.

Pandemiya davrida OIV infektsiyasiga chalingan bemorlar bilan ishlash qay tartibda amalga oshirilmoqda?

— Bu davrda chet eldan kelgan 261 394 nafar mehnat muxojirlari OIV infektsiyasiga tekshiruvlar bilan qamrab olindi va OIV aniqlangan holatlarda dispanser nazoratiga olindi.

Pandemiya sharoitida bemorlarga qulaylik yaratish maqsadida OIV infektsiyali onalardan tug'ilgan bolalarga quruq sut aralashmalari oylik ehtiyojidan kelib chikib, 3 oylik zahirasi bilan  tarqatildi.

Xalqaro OITSga qarshi kurash kuni, yuqorida ta'kidlanganidek, har yili 1 dekabrda nishonlanadi.

Pandemiya bizga yana bir bor sog'liqni saqlash inson huquqlari, gender tengligi, ijtimoiy himoya va iqtisodiy o'sish kabi boshqa muhim masalalar bilan chambarchas bog'liqligini ko'rsatdi. SHuning uchun, bu yil xalqaro OITSga qarshi kurash kuni shiori “Xalqaro birdamlik, umumiy javobgarlik” deb belgilandi.