“Bunyodkor” klubi soʻnggi paytda Xorvatiya futboli bilan yaqindan hamkorlik qilishni boshlagan. Qisqa vaqt ichida tomonlar bir nechta amaliy tadbirlarni roʻyobga chiqarishga ulgurishganligi ham koʻpchilikka maʼlum. Oldinda rejalashtirilgan yana qator yangi loyihalar mavjud.
Shunday oʻzaro istiqbolli dasturlar doirasida yurtimizga Xorvatiya delegatsiyasi tashrif buyurdi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi, “Bunyodkor” futbol klubi prezidenti Mehriddin Abdullayev Xorvatiya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Refik Shabanovich, oʻtmishda taniqli futbolchilar boʻlgan, hozirda esa futbol mutasaddilari hamda mamlakat savdo-sanoat palatasi vakillari sanalmish Ivitsa Pirich va Vladimir Ribich, xalqaro yurist Marko Bekavas-Basich, mutaxassis Ante Gabrilolardan iborat mehmonlar delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuv kun tartibidan yurtimizda futbolni yanada rivojlantirish, jumladan, “Bunyodkor” futbol klubi, uning tasarrufidagi akademiya faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish mavzusidagi hamda oʻzaro hamkorlik aloqalarni oʻrnatish va malakali trenerlarni jalb qilish, xorvatiyalik sarmoyadorlarning respublikamiz yoqilgʻi-energetika sohasiga sarmoyalarini jalb qilish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish borasidagi muzokaralar ham oʻrin oldi.
“Janob Mehriddin Abdullayev, avvalambor, bizni oliy darajada kutib olganingiz uchun Sizga oʻzimizning cheksiz minnatdorchiligimizni bildiramiz. Yaqinda “Bunyodkor”ning uchta yosh jamoasi Split shahrida tashkillashtirilgan xalqaro Dalmatinko kubogida munosib va muvaffaqiyatli qatnashib qaytishdi. Uch yarim mingdan ortiq ishtirokchilar toʻp surgan bellashuvlarda yosh futbolchilaringiz juda ham mazmunli oʻyinlar koʻrsatishib, koʻplab mahalliy mutaxassislarda ijobiy taassurotlar qoldirishdi. Bu yurtingizda iqtidorli sportchilar yetarlicha ekanligini, Oʻzbekiston hukumati bolalar-oʻsmirlar futboliga alohida katta eʼtibor qaratayotganini yaqqol namoyon etdi”, - dedi elchi Refik Shabanovich.
Shundan soʻng, “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi, “Bunyodkor” FK prezidenti soʻz olib, ertangi kunimiz vakillariga yaqindan gʻamxoʻrlik koʻrsatish siyosati “Bunyodkor” futbol klubida ham eng yuqori darajada boʻlishi uchun biz har doim izlanishdamiz. Oʻzbekistonda isteʼdodli futbolchilar juda koʻp. Ularning kelajagi porloq boʻlishi uchun, ularning mahoratlari kelgusida xalqaro talablarga albatta mos boʻlishi uchun, vaqti kelib, ular ulgʻayib, Yevropa klublarida toʻp surishlari hamda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sharafini munosib himoya qilishlari uchun biz sizlar bilan, yaʼni Xorvatiya futboli bilan hamkorlik qilishni maqsadga muvofiq deb bildik”, - dedi.
Shu bilan birga, xorvatiyalik mehmonlarga “Oʻzbekneftgaz” AJ umumiy faoliyati toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi. Ikki tomonlama hamkorlik doirasida kechgan qizgʻin muzokaralar natijasiga koʻra, taraflar bir qancha yoʻnalishlarda kelishuvga erishishdi.
Bolalar-oʻsmirlar futboli sohasida tajriba almashish, oʻzbekistonlik yosh murabbiylarning Xorvatiyaga amaliyot oʻtashga yuborilishi, yevropalik malakali mutaxassislarning yurtimizga kelib, seminar va treninglar tashkil etishlari, oʻz ish uslubi va usullari bilan oʻrtoqlashishlari, bizda va ularda uyushtiriladigan musobaqalarda oʻzbekistonlik va xorvatiyalik jamoalarning qatnashishlari shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, yuqorida taʼkidlab oʻtilgandek yoqilgʻi-energetika sohasida, shu jumladan uglevodorodlarni qazib chiqarish va ularni qayta ishlash masalasida ham “Oʻzbekneftgaz” AJ va Xorvatiya neft va gaz kompaniyalari hamkorlik olib borishiimkoniyatlari va istiqbollari toʻgʻrisida ham toʻxtalib oʻtildi.
Mazkur hamkorlikning navbatdagi amaliy davomi sifatida “Bunyodkor” U-21 yoshlar jamoasi 18-30-iyul kunlari yozgi oʻquv-mashgʻulot yigʻinini oʻtkazish uchun Zagreb shahriga joʻnab ketishga tayyorgarlik koʻrayotganini keltirish mumkin. Yigʻin doirasida “qaldirgʻochlar” mahalliy klublar bilan 4-5ta oʻrtoqlik oʻyinlarida ham maydonga tushishadi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati