Unda Agentlik rahbari Hilola Umarova, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti faxriy rektori Volfang Herrmann va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Shuningdek, OAV xodimlari uchun universitet binosi boʻylab press-tur tashkil etildi.
Matbuot anjumanida Agentlik va universitet rahbariyati tomonidan “Yangi Oʻzbekiston” universitetiga hujjatlar qabuli hamda fakultet va yoʻnalishlarga oid savollarga toʻgʻridan-toʻgʻri javob berildi.
“Yangi Oʻzbekiston” universitetida quyidagi yoʻnalishlarda tahsil olish imkoniyati mavjud:
- Sanoat boshqaruvi
- Dasturiy taʼminot
- Mexanika muhandisligi
- Nano- va ilgʻor materiallar muhandisligi
- Kimyo muhandisligi
2021-2022-oʻquv yili davomida “Yangi Oʻzbekiston” universitetida Muhandislik fakulteti tarkibida Kimyo muhandisligi, Mexanika muhandisligi va Dasturiy taʼminot muhandisligi yoʻnalishlari ochilgan.
2022-2023 oʻquv yilida universitetda yana ikkita yoʻnalish — Muhandislik fakulteti tarkibida Nano- va ilgʻor materiallar muhandisligi hamda Boshqaruv fakulteti tarkibida Sanoat boshqaruvi yoʻnalishlari tashkil etilmoqda. Ushbu yoʻnalishlar uchun yangi oʻquv yilida 300 nafar talaba qabul qilinadi.
Imtihonlar har bir yoʻnalishlar kesimida matematika, fizika, kimyo, mantiqiy fikrlash kabi fanlardan boʻlib oʻtadi.
“Yangi Oʻzbekiston” universitetiga qabul joriy yilning 25-aprelidan boshlangan boʻlib, 20-iyunga qadar davom etadi. Hujjatlar http://admissions.newuu.uz sayti orqali onlayn qabul qilinmoqda.
Maʼlumot uchun: “Yangi Oʻzbekiston” universiteti Myunxen Texnika Universiteti (Germaniya), Massachusets Texnologiya instituti (AQSH) kabi nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qiladi.
Mazkur oliygohda AQSH, Germaniya, Misr, Hindiston va Eron kabi davlatlardan kelgan professor-oʻqituvchilar dars berishadi. Bu yerda talabalar ilk oʻquv yilidanoq AQSH, Germaniya, Janubiy Koreya kabi davlatlarning yirik korxonalari va laboratoriyalarida amaliyot oʻtash imkoniyatiga ega.