Yoshlar ishlari agentligi “Zakovat” va boshqa intellektual oʻyinlarni tizimli ravishda rivojlantiradi

    Ta'lim 20 Yanvar 2022 2129

    Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun “Zakovat” intellektual oʻyinini aholi oʻrtasida ommaviy-maʼrifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual oʻyinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarorni imzoladi.

    2021-yil oktyabr oyida davlatimiz rahbari Buxoro viloyati Romitan tumanida “Zakovat” intellektual oʻyinining final bosqichiga tashrif buyurib, bahsni kuzatgan, tadbir soʻngida nutq soʻzlab, bilimdon yoshlarga sharoit yaratish uchun koʻplab tashabbuslarni bildirgan edi.

    Ushbu tashabbuslar ijrosini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar Prezident qarorida belgilab berildi. Jumladan:

    — Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga “Zakovat” intellektual oʻyini va boshqa intellektual oʻyinlarni tizimli ravishda rivojlantirishga doir vazifalar yuklandi;

    — 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab intellektual oʻyinlarning respublika bosqichida gʻolib boʻlgan oʻquvchi yoshlar va talabalar uchun yil davomida har oyda beriladigan “Zakovat” stipendiyasi joriy etiladi;

    — 2022-yildan boshlab, bosqichma-bosqich umumiy oʻrta, Prezident, oʻrta maxsus va professional hamda oliy taʼlim muassasalarida “Zakovat” intellektual klublari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi hamda hududlardagi Yoshlar markazlarida intellektual oʻyinlar jamoalari uchun alohida xonalar tashkil etiladi;

    — 2022-yildan boshlab har yili talabalar oʻrtasida Intellektual olimpiada tashkil qilinadi. Unda umumjamoa hisobida dastlabki uchta oʻrinni qoʻlga kiritgan oliy taʼlim muassasasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovgʻasi topshiriladi;

    — intellektual oʻyinlarning respublika bosqichida gʻolib va sovrindor boʻlgan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari oʻquvchilari hamda OTM talabalari taʼlimning keyingi bosqichiga bazaviy toʻlov-kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi;

    — taʼlim muassasalarida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual klublarining koordinatori boʻlgan professor-oʻqituvchilarga mehnatga haq toʻlash fondining 50 foizi miqdorida bir martalik ustama toʻlab beriladi;

    — 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab har yili aprel oyida “Intellektual haftalik” tadbiri oʻtkazib boriladi;

    — yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularga motivatsiya berish maqsadida mashhur olimlar, jumladan, Nobel mukofoti sohiblari bilan uchrashuvlar tashkil etib boriladi;

    — “Zakovat” va boshqa intellektual oʻyinlarining hududiy va respublika bosqichi gʻoliblarini oʻz mutaxassisligi boʻyicha kadrlar zaxirasiga olish hamda rahbarlik lavozimlariga tayinlash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;

    — Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da mavsumiy ishlaydigan “Intellektual maktab” loyihasi yoʻlga qoʻyiladi;

    — “Yangi Oʻzbekiston bogʻi”ga tutash hududda “Zakovat intellektual oʻyinlari klubi” uchun alohida bino hamda “Intellektual oʻyinlar shaharchasi” barpo etiladi. Mazkur binolar Yoshlar ishlari agentligining balansida boʻladi;

    — intellektual turnirlar tashkil qilish, bilimdon yoshlarni ragʻbatlantirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan kompyuter va mobil oʻyinlarni yaratgan dasturchilarga grant va subsidiyalar ajratish maqsadida 2022-yilda 50 mlrd soʻm miqdorida, keyingi yillarda asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq davlat byudjetidan mablagʻ ajratiladi.