YPX xodimi yoʻlning qatnov qismidan orqaga qayrilib olib YTH sodir etdi

    Ijtimoiy hayot 18 May 2023 1783

    Ijtimoiy tarmoqlarda “IIBga qarashli mashina avariya keltirib chiqardi” sarlavhasi bilan tarqalgan videolavha tarqaldi.

    Andijon viloyat IIB bergani maʼlumotiga koʻra, holat 14-may kuni soat 17:08 larda, Andijon tumanida sodir boʻlgan.

    Aniqlanishicha, viloyat IIB JXX YHXB 6-safarbarlik guruhi inspektori safdor A.Sh. xizmat vaqtida oxirgi zarurat tufayli koʻk va qizil rangli mayoqchalarini yoqqan holatda yoʻlning qatnov qismidan orqaga qayrilib olish harakatini amalga oshirmoqchi boʻlgan.

    Ammo shu vaqtda yoʻlning qarama-qarshi tomonidan harakatlanib kelayotgan 1997-yilda tugʻilgan E.A. boshqaruvidagi Spark avtomobili bilan toʻqnashib, yoʻl transport hodisasi sodir etgan.

    Oqibatda har ikki transport vositasi texnik shikastlangan, tan jarohati olganlar yoʻq.

    Hozirda ushbu yoʻl transport hodisasi boʻyicha tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan, xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanib, qoʻshimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.