— Barcha binolar, yoʻlaklar, basseyn, oʻyingoh toʻliq taʼmirdan chiqarildi. Buning uchun 400 million soʻmga yaqin mablagʻ sarflandi, — deydi oromgoh rahbari Bahodirjon Xolmirzayev. — Tarbiyachilar, oshpazlar, toʻgarak rahbarlari va shifokorlar bilan bolajonlarni quchoq ochib kutib oldik. 12 kun davomida ularning miriqib hordiq chiqarishlari uchun hamma sharoit yetarli. Faoliyat boshlashimizda koʻmaklashgan viloyat va tuman hokimligi, viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari va xodimlariga minnatdorchilik bildiramiz.

Karantin qoidalariga binoan 120 oʻringa moʻljallangan oromgohga har smenada 80 nafardan dam oluvchi qabul qilinadi. Bolalar toʻrt mahal issiq ovqat bilan taʼminlanadi. Shuningdek, turli qiziqarli oʻyinlar, sport musobaqalari, koʻngilochar tadbirlar bolajonlarning koʻngildagidek dam olishlariga zamin yaratadi.

Bu yil Fargʻona viloyatidagi 19 ta oromgohda 12 ming 700 nafar, maktablar qoshida tashkil etiladigan 127 ta kunduzgi oromgohda 21 ming 100 nafar bola dam olishi rejalashtirilgan.

Rasuljon KAMOLOV.