Ishchi guruh dastlab 500 kVli “Qorakoʻl” podstansiyasida boʻlib, mavsumga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi. Shundan soʻng, Olot tuman hokimi Nargiza Neʼmatova bilan birgalikda tumanda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Taʼkidlanishicha, joriy yil aprel oyida boʻlgan kuchli shamol va yomgʻir oqibatida hududdagi elektr energiyasi taʼminotida yuzaga kelgan jiddiy muammolar energetiklar tomonidan qisqa vaqt ichida toʻliq bartaraf etilib, isteʼmolchilar elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlab kelinmoqda.
Maʼlumot uchun, viloyat isteʼmolchilariga kuz-qish mavsumida jami 1 826,3 million kVt soat elektr energiyasi yetkazib beriladi. Viloyatdagi jami 426 100 ta isteʼmolchilarni elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun 16,2 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 4 957 ta transformator punktlaridan foydalaniladi.
2 633,8 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 717 ta transformator punktlari mukammal taʼmirlanish ishlari yakuniga yetkazilishi arafasida. Bugungi kunda 24 ta transformator punkti, 20,5 tonna transformator moyi va 31,4 kilometr kabel mahsulotlarining avariya zaxirasi yaratilgan, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.