Norma.uz portali 2022-yil 1-apreldan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o'zgartirishlar bo'yicha sharhni e'lon qildi. Unga ko'ra:

Jismoniy shaxslarning aksiyalar bo'yicha hisoblangan dividendlari daromad solig'idan ozod qilinadi

2024-yil 31-dekabrgacha:

  • O'zbekiston Respublikasining rezidenti va norezidenti bo'lgan jismoniy shaxslarning aktsiyalar bo'yicha hisoblangan dividendlar tarzidagi daromadlari daromad solig'idan ozod qilinadi;
  • O'zbekiston Respublikasi norezidentlari – yuridik shaxslarning aktsiyalari bo'yicha dividendlar shaklida hisoblangan daromadlar bo'yicha foyda solig'ining 5% stavkasi qo'llaniladi;
  • O'zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari – jismoniy va yuridik shaxslarning tadbirkorlik sub'ektlarining obligatsiyalari bo'yicha hisoblangan foizlar ko'rinishidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'i va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig'idan ozod qilinadi.

Talab yuqori bo'lgan mahsulotlar ishlab chiqarish qo'llab-quvvatlanadi

Ichki bozorda talab yuqori bo'lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni qo'shma moliyalashtirish yo'nalishida To'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar jamg'armasi mablag'lari marketing tadqiqotlari, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish jarayonlarida texnologik ko'maklashish, xorijiy mutaxassislar va konsalting kompaniyalari tomonidan jihozlarni o'rnatish va ishga tushirishga yo'naltiriladi.

Turizm sohasi sub'ektlariga imtiyozlar berildi

2025-yil 1-yanvarga qadar hujjatga ilovada ko'rsatilgan tuman va shaharlarda turizm hududlarida ro'yxatdan o'tgan hamda ushbu hududda umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish), savdo, ko'ngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini ko'rsatayotgan tadbirkorlik sub'ektlari uchun:

  • aylanmadan olinadigan soliq stavkasi — 1%;
  • ilovada ko'rsatilgan hududlardagi ob'ektlar bo'yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan er solig'i miqdorlari - mazkur soliqlar bo'yicha hisoblangan summaning 1%i miqdorida belgilandi.

Milliy musiqa cholg'u asboblarini ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlar

Milliy musiqa cholg'u asboblarini ishlab chiqarishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo'yicha jami daromadning kamida 60%ini tashkil etadigan tashkilotlar uchun aylanmadan soliq va ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilanadi.

Deklaratsiyalar masofadan turib

2021-yil 1-oktyabrdan boshlab toifadan tashqari maqomga ega bo'lgan masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlari DBQning Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari bo'yicha boshqarmalarida o'rnatiladi. Joriy yil 1-apreldan boshlab ular DBQning qolgan barcha boshqa hududiy boshqarmalarida bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

Daraxtlarni yo'q qilish bo'yicha fotosurat va videoyozuvlar uchun rag'batlantiriladi

Aholi tomonidan IIV va Davlat ekologiya qo'mitasiga yuborilgan, daraxtlar, butalar, boshqa o'simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo'q qilish yoki boshqa joyga ko'chirib o'tkazish bo'yicha huquqbuzarliklar haqidagi fotosurat va videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari aks ettirilgan fotosurat va videoyozuvlarga tenglashtiriladi. Huquqbuzarlik holatlari to'g'risidagi fotosurat va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar har bir tasdiqlangan holat bo'yicha huquqbuzardan undirilgan mablag'lar hisobidan BHMning 1 baravariga teng miqdordagi pul mukofoti bilan rag'batlantiriladi.

Baliq etishtiruvchilarga o'qish xarajatlari qoplab beriladi

Jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yo'nalishi bo'yicha o'quv kurslarida o'qish xarajatlarini qoplash uchun Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg'armasi mablag'lari hisobidan BHMning 2 baravaridan oshmagan miqdorda bir martalik subsidiya ajratiladi.

Davlat organlari tizimidagi islohotlar davom etmoqda

Shunday tartib o'rnatiladiki, unga muvofiq:

  • vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari o'z rasmiy veb-saytlarida o'zlarining tarkibiga kiruvchi davlat muassasalarining nomi, faoliyat turi, funksiya va vakolatlari hamda rahbarlari to'g'risidagi ma'lumotlarni joylashtiradi;
  • davlat muassasalarining hududlar va yuqori turuvchi organlari kesimidagi ma'lumotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining veb-saytiga joylashtiriladi;
  • Ochiq ma'lumotlar portalida muassasalarning yuqori turuvchi tashkiloti, ko'chmas mulk obyektlari, qurilishi tugallanmagan obyektlar va avtotransport vositalari, rejalashtirilgan va amalga oshirilgan xarajatlar tarkibi haqidagi ma'lumotlari e'lon qilinadi.

Davlat moliyaviy nazorati sohasida qoidabuzarliklar holatlari to'g'risida Inspeksiyaga “Davlat auditi” dasturiy kompleksi orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga, ushbu ma'lumot asosida moliyaviy tekshiruvlar jarayonida aniqlanib, davlat foydasiga undirilgan mablag'lar hisobidan mukofot to'lanadi.

Majburiy talablarning elektron reestri joriy qilinadi

Majburiy talablar — tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatining qonunchilik talablariga muvofiqligini tekshirish bo'yicha davlat nazorati funktsiyalari ro'yxati. Ro'yxat Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil tomonidan shakllantiriladi va yuritiladi.

Nogironlik nafaqasi hamda nogironlik pensiyasining miqdori oshiriladi

Mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi hamda ish staji to'liq bo'lmagan chog'dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori qo'shimcha to'lovni hisobga olgan holda – 440 000 so'mdan 622 000 so'mgacha oshirildi. O'zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo'lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo'lgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 500 000 so'm miqdorida parvarishlash nafaqasi to'lanadi.

Avtomobilni sotib olish avtomatlashtiriladi

"UzAuto Motors" AJ tomonidan avtomototransport vositasini xarid qilish bo'yicha shartnoma tuzgan shaxsga rasmiylashtiriladigan hisob-ma'lumot IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo'l harakati xizmatiga taqdim etiladi.

Tadbirkor xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash

Tadbirkorlik faoliyatini yangi boshlayotgan tadbirkor xotin-qizlarga ajratilayotgan subsidiya miqdori 7 mln so'mdan 10 mln so'mga oshiriladi.

“Hunarmand” uyushmasi qoshidagi hunarmandchilik markazlarida kamida 40% tadbirkor xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar joylashtiriladi.

Tibbiy kuzatuv va patronajning yangi modeli joriy etiladi

U quyidagilarni nazarda tutadi:

  • oilaviy shifokorlarni endokrin kasalliklarni tashxislash hamda davolash bo'yicha qayta tayyorlash;
  • endokrin kasalliklar mavjud oilalarga maxsus tayyorgarlikdan o'tgan patronaj hamshirasini biriktirish;
  • bemorlar ustidan doimiy kuzatuv o'rnatish maqsadida barcha tibbiyot brigadalarini glyukometr va maxsus test yaproqchalari bilan ta'minlash.