1) Parrandachilik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar beriladi:
- Parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, subsidiyalar ajratish va boshqa imtiyozlardan foydalanish huquqi faqatgina my.vetgov.uz saytida roʻyxatdan oʻtgan hamda tegishli mezonlarga mos keluvchi parrandachilik xoʻjaliklariga beriladi.
2) Avtotransportlar harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 60 kilometrgacha pasaytiriladi:
- Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi.
3) Aholiga quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun subsidiya beriladi:
Respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt gacha) quyosh panellarini oʻrnatishni ragʻbatlantirish boʻyicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshiriladi.
Dastur doirasida:
- jismoniy shaxslarga tegishli obyektlarda oʻrnatilgan quyosh panellarida ishlab chiqarilgan va oʻz isteʼmolidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga 1 000 soʻmdan subsidiya ajratiladi.
4) Xoʻjalik jamiyatlari kuzatuv kengashining qimmatli qogʻozlarni chiqarish boʻiycha qarorlari muhim fakt sifatida oshkor qilinadi.
5) Ayrim tadbirkorlarga mol-mulkni sugʻurta qilish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
6) Ayrim kasalliklarda nogironlik fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi:
- Qonunchilikka koʻra, nogironlik idoralararo elektron maʼlumotlar almashinuvi asosida nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan, anatomik nuqsonlari boʻlgan, shuningdek, noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarda fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi.
7) Professional taʼlim muassasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari oshiriladi:
Qonunchilikka koʻra:
- professional taʼlim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari mos ravishda umumiy oʻrta taʼlim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga;
- professional taʼlim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifasiga ega boʻlgan, malaka toifasiga ega boʻlmagan oliy maʼlumotli hamda oliy maʼlumotga ega boʻlmagan ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining bazaviy tarif stavkalari tegishincha umumiy oʻrta taʼlim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifali oʻqituvchisi, oliy maʼlumotli oʻqituvchisi hamda oʻrta maxsus maʼlumotli oʻqituvchisining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi.
8) Koʻp kvartirali uylarning noturar qavatlarida bogʻchalar tashkil etishga ruxsat beriladi:
Maktabgacha taʼlim qamrovini kengaytirish maqsadida:
- yangi maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini koʻp kvartirali uylarning noturar qavatlarida yoki yakka tartibda qurilgan uy-joylarni sotib olish va keyinchalik ularni taʼmirlash hamda jihozlash orqali tashkil etishga ruxsat etiladi;
- davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida ijaraga berilgan yer uchastkasida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti binosini qurgan xususiy sherik tomonidan ushbu binoning mazkur loyiha uchun bank kreditlari boʻyicha garovga qoʻyilishiga oid cheklovlar bekor qilinadi.