1-apreldan qonunchilikda qanday oʻzgarishlar boʻladi?

    2024-yil 1-apreldan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgartirishlar sharhi taqdim etildi.

    Tadbirkorlarga subsidiya berishning yangi tartibi

    Tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda qoʻllaniladi.

    Toʻsiqsiz mehmonxonalarga – har bir xona uchun 1 mln soʻmdan 2 mln soʻmgacha subsidiya beriladi

    2026-yil 1-aprelga qadar mehmonxona xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga tegishli chorak yakuniga koʻra Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga oʻtkazilgan turistik (mehmonxona) yigʻimlar summasi hisobidan subsidiya ajratiladi. Bunda tadbirkorlik subyektlari tomonidan mehmonxonaning kamida uchta xonasi nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrindiqli aravachadan foydalanishi uchun qulay tarzda jihozlanganda, shuningdek eshitishi va koʻrishi uchun displey hamda ovozli qurilmalar oʻrnatilganda, ushbu tadbirkorlik subyektlariga har bir maxsus jihozlangan xona uchun 1 mln soʻmdan 2 mln soʻmgacha subsidiya beriladi.

    Davlat xaridlarida qatnashuvchi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga preferensiyalar

    Davlat xaridlari doirasida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan import tovarlarining DDP (Oʻzbekiston) narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi beriladi:

    • 15% – 3 yoki undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda;
    • 12% – ikkita mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda;
    • 8% – bitta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etganda.

    Yirik soliq toʻlovchilarga elektron yuk xatlari joriy etilmoqda

    Yirik soliq toʻlovchilar uchun tovar-transport yuk xatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish, saqlash va ularning hisobini yuritish tizimi joriy etilmoqda.

    Chiqindi uchun qarzdorlik mavjudligida koʻchmas mulk va avtotransportni notarial tartibda rasmiylashtirish rad etiladi

    Koʻchmas mulk hamda avtotransport vositalari bilan bogʻliq bitimlarni notarial tasdiqlashda qarzdorlik mavjudligi qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy toʻlovlarni toʻlash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimi orqali onlayn rejimda tekshirilib, qarzdorlik bartaraf etilganidan keyin notarial harakat amalga oshiriladi.

    “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari pullik asosda xam xizmat koʻrsatishadi

    “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tiziimdagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarda shartnoma asosida pullik xizmat koʻrsatish tartibi joriy etiladi.

    QQS boʻyicha ayrim imtiyozlar bekor qilinmoqda

    Xususan, tibbiyot, veterinariya, kommunal xizmatlar va dori-darmon vositalarini realizatsiya qilishda QQS boʻyicha imtiyozlar bekor qilinadi.

    Moddiy yordam tayinlash onlayn amalga oshiriladi

    Kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash uchun onlayn ariza berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.

    Arxitektorlarni sertifikatlashtirish

    Shaharsozlik sohasidagi quyidagi toifa mutaxassislarni ularning faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha har 3-yilda bir marta sertifikatlash tizimi joriy etiladi:

    • tuman (shahar) va viloyat arxitektorlari;
    • qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari inspektorlari.

    Banklar uchun ustav kapitalining eng kam miqdori belgilanmoqda

    Bank ustav kapitalining eng kam miqdori 350 mlrd soʻmni tashkil etmoqda.

    IT-parkning ayrim rezidentlari ortiqcha qogʻozbozlikdan ozod etiladi

    Huquqiy eksperiment sifatida raqamlashtirish sohasida xizmatlar koʻrsatish boʻyicha eksport shartnoma hujjatlarini xalqaro platformalarda rasmiylashtirishga ruxsat beriladi.

    Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) rezidentlari tomonidan raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksporti boʻyicha rasmiylashtirilgan qiymati 100 ming AQSH dollarigacha boʻlgan shartnomalar (kelishuv, hisobvaraq-faktura, invoys) elektron hujjat sifatida tan olinadi hamda ularning qogʻoz shaklidagi nusxasi talab etilmaydi.

    Farzand tugʻilganda toʻlanadigan nafaqa tayinlash tartibi oʻzgarmoqda

    Farzand tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli:

    • birinchi farzandi uchun – barcha ayollarga;
    • ikkinchi farzandi uchun – farzand tugʻilgan paytda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilaning aʼzosi boʻlgan ayollarga rasmiylashtiriladi.

    Yangi madaniy loyihalar amalga oshiriladi

    Jumladan:

    • “Madaniyat toʻlqinlari” media loyihasi (tanlov doirasida jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilingan va gʻoyaviy yuksak eng yaxshi 50 ta media mahsulotning har biri 50 mln soʻm pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
    • ijtimoiy tarmoqlarda 500 mingdan ortiq obunachisi boʻlgan, aholi orasida mashhur boʻlgan shaxslar ishtirokida “Yulduz bilan sayohat” loyihasi.