1 avgustdan nimalar o‘zgarisi kutilyapti?

    2024-yil 1-avgustdan milliy qonunchilikda bir qator o‘zgartirishlar kuchga kiradi.

    Investitsiya majburiyatlarining bajarilishi natijalarini qabul qilish muddati belgilanyapti

    Kichik sanoat zonalari ishtirokchilari va yosh tadbirkorlik subektlarining investitsiya va ijtimoiy majburiyatlari bajarilishi natijalarini q’abul qilish kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direksiyalar tomonidan majburiyatlarni bajarish muddati kelgan sanadan boshlab 3 oy ichida amalga oshiriladi.

    Avtoraqamlar tasodifiy generatsiya yo‘li bilan beriladi

    Oddiy davlat raqamlari «Davlat raqam belgilari» moduli orqali tasodifiy avtomatik generatsiya yo‘li bilan beriladi.

    Ayrim yer uchastkalari auksionga chiqariladi

    Tuman va shaharlarda zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmualari va servis ob'ektlarini, jumladan joylashtirish vositalari, turar joylar va savdo-ko‘ngilochar markazlar uchun yer uchastkalari master-rejalar asosida auksionga chiqariladi.

    Talabalar yotoqxonalariga joylashish uchun onlayn arizalarning qabuli boshlanadi

    2024/2025-o‘quv yilidan boshlab barcha kurs talabalari uchun davlat oliy ta’lim muassasalari talabalar turar joyiga joylashish onlayn shaklda amalga oshiriladi. Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish 1 avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi.

    Qoraqalpog‘istonda biznes-forum o‘tkaziladi

    2024-yil avgust oyida xalqaro biznes forum o‘tkazilishi, O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchilari bilan hamkorlikda salohiyatli investorlarni jalb etib, kelishuvlar amalga oshirilishi, joriy yil yakuniga qadar esa – “Qoraqalpog‘istonda biznes qiling” dasturi doirasida yirik xorijiy ishlab chiqaruvchi kompaniyalar brendlarini jalb etish rejalashtirilyapti.

    Futbol muhlislariga poezdlar uchun chegirmalar beriladi

    2024-yil avgust – oktyabr oylarida futzal bo‘yicha Jahon chempionatida akkreditatsiyadan o‘tgan shaxslar, shuningdek, chempionat o‘yinlariga chiptalari mavjud bo‘lgan xorijiy va mahalliy muxlislar uchun temir yo‘l chiptalariga 50 % miqdorida chegirmalar joriy etiladi, deb xabar beradi Norma.uz portali.