Xususan, 2020-yil 1-avgustdan boshlab:
birinchidan, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (Texnopark) rezidentlari dividendlarni chet el valyutasida toʻlash huquqidan mahrum etiladi. Eslatib oʻtamiz, mazkur preferensiya 2019-yil dekabrda tugatilgan Mirzo Ulugbek Innovation Center rezidentlariga taqdim etilgan, keyinroq Texnopark rezidentlariga nisbatan tatbiq etilgan edi (10.01.2019-yildagi 17-son VMQ 5-bandiga qarang);
ikkinchidan, chetdan jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga chet el valyutasida haq toʻlaydigan tashkilotlar mablagʻlarni ularning xorijdagi hisobvaraqlariga oʻtkazishlari kerak. Eslatib oʻtamiz, Prezidentning turli qarorlari bilan quyidagilarga ana shunday huquq berilgan:
- kompaniyalar – “LG CNS Uzbekistan” QK, “Oʻzbekgidroenergo” AJ, “PAXTAKOR” futbol klubi» MCHJ va “Oʻzbekiston tarixi” telekanaliga;
- ilmiy-maʼrifiy tashkilotlar – mamlakat oliy taʼlim muassasalari, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha soha markazlari, Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi va Oʻquv-amaliy toʻqimachilik texnoparkiga;
- davlat muassasalari – Axborot kommunikatsiyalari vazirligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Energetika vazirligi, Transport vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Davlat veterinariya qoʻmitasi, Intellektual mulk agentligi, Oʻzstandart va “Raqamli ishonch” jamgʻarmasiga.
Bunda ular chetdan jalb etadigan xorijliklar oʻz xohishlariga koʻra soʻmda haq toʻlanishiga rozilik bildirishlari mumkin;
uchinchidan, mijozlarning talabnomalari boʻyicha banklar tomonidan sotib olingan va 15 ish kuni mobaynida foydalanilmagan xorijiy valyutani soʻzsiz qayta sotish haqidagi talab bekor qilinadi (27.06.1995-yildagi PF-1193-son Farmon 8-bandiga qarang);
toʻrtinchidan, quyidagi soliq imtiyozlari bekor qilinadi:
a) 28.07.2009-yildagi PQ-1166-son qarorda nazarda tutilgan quyidagi muddatga ozod qilish shaklidagi:
- 5 yil muddatga – yuridik shaxslar tijorat banklarining depozitlariga va qimmatli qarz qogʻozlariga 1 yildan ortiq muddatga joylashtirishdan olinadigan foizli daromadlari boʻyicha soliqqa tortishdan;
- 3 yil muddatga – lizing xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslar foyda soligʻi va lizing operatsiyalaridan tushadigan daromadlar boʻyicha aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashdan;
b) 6.04.2010-yildagi PQ-1317-son qarorda nazarda tutilgan, tijorat banklari tomonidan, shu jumladan boshqa investorlar ishtirokida bankrot korxonalar negizida tashkil etilgan korxonalarga, yangi investorlarga sotilgunga qadar, ular davlat roʻyxatidan oʻtgan paytdan boshlab 3 yildan koʻp boʻlmagan muddatga berilgan huquqlar – asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar boʻyicha amortizatsiya ajratmalarini oʻrnatilgan meʼyordan kamroq hisoblash;
beshinchidan, 3.11.2017-yildagi PQ-3351-son va 30.05.2019-yildagi PQ-4348-son qarorlardan eksport va import operatsiyalari doirasidagi alohida muddatlar chiqarib tashlanmoqda. Shu tufayli yangi Tashqi savdo operatsiyalari amalga oshirilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom bilan yuzaga keladigan ehtimoliy ziddiyatlar bartaraf etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan.
Oleg Zamanov.