Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati jarima ballarini hisoblash tizimi test rejimida ishga tushirilishi haqida maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, jarima ballarini joriy etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasi ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis qonunchilik palatasining masʼul xodimlari bilan hamkorlikda ishchi guruh tuzilgan holda qonun loyihasini qayta takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.
Shu sababli 1-dekabrdan boshlab jarima ballarini hisoblash tizimi test rejimida ishga tushiriladi.
Bunda qoidabuzarliklar avtomatik tarzda dasturiy taʼminotda qayd etib boriladi. Ushbu tizim yangi boʻlganligi sababli, test rejimida ishlagan vaqtda tizimdagi hamda sodir etilgan qoidabuzarliklardagi barcha xato va kamchiliklar tizimni texnik qoʻllab-quvatlash davrida bosqichma-bosqich aniqlanib, bartaraf etilib, takomillashtirilib boriladi.
Aholidan kelib tushishi mumkin boʻlgan eʼtirozlarni oldini olish maqsadida test rejimi vaqtida aniqlangan qoidabuzarliklar boʻyicha ballar hisobga olinmaydi.
Dasturiy taʼminot sinovdan oʻtkazilib, aniqlangan xato va kamchiliklar toʻliq bartaraf etilgandan keyin ishga tushirilib, haydovchilar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanadi. Ijobiy test sinov natijalari yuzasidan, mazkur tizimni ishga tushirish vaqti boʻyicha ommaviy axborot vositalariga qoʻshimcha maʼlumot beriladi.









