Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda stipendiyalar. Yangi MHEKM, BHM va nafaqalar miqdori

  • Byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda stipendiyalar miqdori 1,1 barobarga oshirildi;
  • quyidagilarning yangi miqdorlari belgilanadi:
    • MHEKM – 747 300 soʻm;
    • BHM – 245 000 soʻm;
    • 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa:
      • 1 nafar bola bilan – 144 100 soʻm;
      • 2 nafar bola bilan – 238 700 soʻm;
      • 3 nafar bola bilan – 334 400 soʻm.

Bola 2 yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa, kam taʼminlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam miqdorlari oʻzgarmaydi.

Yangi aksiz markalari va soliq stavkalari

  • eski namunadagi markalar haqiqiy emas deb hisoblanadi, ular bilan markirovkalangan tovarlar ulgurji va chakana savdo tarmogʻidan olib qoʻyiladi;
  • quyidagilar uchun yangi soliq stavkalari amal qila boshlaydi:
    • tamaki mahsulotlarining ayrim turlari;
    • alkogolli mahsulotlar;
    • neft mahsulotlarining ayrim turlari.

Sud tizimi

Ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash boʻyicha imtihonlar onlayn tarzda yoritib boriladi.

Quyidagilarni ishlab chiqish va joriy qilish boshlandi:

  • sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti boʻyicha kasbga munosibligini baholashga koʻmaklashuvchi elektron dasturni;
  • sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni taʼminlaydigan aniq mezonlarni.

Mazkur chora-tadbirlar Sudyalar oliy kengashi va sud tizimi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida qabul qilingan.

Ipakni olib chiqish ustidan nazorat

Oʻzbekiston bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipakning olib chiqilishini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom kuchga kiradi. Endi TIF TN 5002, 5003 kodlari bilan tasniflangan tovarlarni eksport qilishda eksport qiluvchilar “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasiga eksport kontraktlari nusxalarini, narxlar kalkulyatsiyasini, eksport qilinadigan tovarning har bir kilogrammi uchun $0,05 miqdorida bojxona yigʻimi toʻlanganligi toʻgʻrisida toʻlov hujjatini taqdim etishlari kerak.

Farzand tugʻilganlikni qayd etish soddalashtiriladi

Barcha viloyatlar markazlarida farzand tugʻilganlikni qayd etish bilan bogʻliq kompleks davlat xizmatlarini koʻrsatish boshlanadi: elektron tibbiy maʼlumotnomani shakllantirishdan boshlab bir martalik nafaqa pulini toʻlashga qadar.

Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash

  • Sertifikatlangan sabzavot, dukkakli va moyli ekinlar urugʻlarini hamda mevali daraxt va tok koʻchatlarini yetishtiruvchi fermer xoʻjaligi va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlari xaraatlarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz stavkasining bir qismi kompensatsiya qilinadi. Foiz stavkasining MBning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismi, shuningdek, xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz stavkasining 30%igacha, lekin 3 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismi qoplanadi;
  • MBning asosiy stavkasi yillik 14% darajada saqlab qolindi;
  • eksportchi tashkilotlarga eksportoldi moliyalashtirish Eksportni ragʻbatlantirish agentligi Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Bunda 2021-yilda eksportchi tashkilotlarga xom ashyo sotib olish va eksportga yoʻnaltiriladigan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun jamgʻarmadan $100 mln ajratish nazarda tutilgan

Oʻrmon xoʻjaligi sohasini qayta tashkil etish

Quyidagilar tashkil etiladi:

  • Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi markaziy apparati tuzilmasida Ilmiy tashkilotlar faoliyati va innovatsiyalarni joriy etishni muvofiqlashtirish boshqarmasi;
  • pistachilik ilmiy-tajriba stansiyasi;
  • Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasida Oʻrmon iqtisodiyoti boʻlimi.

Oʻrmon va dorivor oʻsimliklar urugʻchiligini tahlil qilish markazi uning moddiy-texnik bazasini saqlagan holda oʻrmon urugʻchiligini rivojlantirish uchun Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutiga beriladi.

Nargiza Vohidova