Quyidagilar Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi:

  • dori vositalarini ishlab chiqaruvchilarga EU GMP, US FDA GMP rasmiy sertifikatlarini joriy qilishda, shuningdek, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining qayta malakalashini olishda xorijiy konsalting xizmatlari hamda EU GMP, US FDA GMP sertifikatlari uchun xarajatlarning 50 foizi, lekin 50 ming AQSh dollaridan koʻp boʻlmagan miqdorda;
  • ilmiy-tadqiqot institutlari va taʼlim muassasalari tomonidan yaratilgan, Oʻzbekistonda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmagan dori vositalari va tibbiy jihozlarni ishlab chiqaruvchilarga ushbu dori vositalarini sanoat miqyosida ishlab chiqarib, realizatsiya qilgandan soʻng roʻyxatdan oʻtkazish, klinik sinov va bioekvivalentlik tadqiqotlari xarajatlarining 80 foizi, lekin 8 ming AQSh dollaridan koʻp boʻlmagan miqdorda.

Farmatsevtika va boshqa ishlab chiqaruvchi korxonalarga, istisno tariqasida, soliqlar va yigʻimlarni toʻlash boʻyicha BHMning 2 baravari miqdoridan koʻp boʻlmagan miqdorda qarzdorlik mavjud boʻlganda, qarzdorlik summasi ushbu miqdordan yuqori boʻlgan holatlarda esa qarzdorlik shakllangan kundan boshlab 10 kun muddatda davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi.

Davlat tashqi qarzi mablagʻlari hisobidan amalga oʻshiriladigan investitsiya loyihalarining shakllantirilishidan boshlab yakuniy natijaga erishilguniga qadar barcha bosqichlari "Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazorat va monitoring qilish" axborot tizimida yuritiladi. 

Tadbirkorlik subyektlariga bojxona bojini 120 kungacha kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratiladi.

Bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashning bosh taʼminoti turidan foydalanishda xavflarni boshqarish tizimining natijalaridan kelib chiqib, tadbirkorlik subyektlariga pasaytirilgan miqdorda taʼminot taqdim etiladi.

Quyidagilar bekor qilinadi:

  • Oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash va erkin muomalaga chiqarish jarayonida sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya qilish majburiyatini ushbu mahsulot importyoriga yuklagan holda "FSSC 22000", "IFS Food", "BRCGS Global Standard for Food Safety", "SQF Food Safety Code" xalqaro tizimlari doirasida rasmiylashtirilgan sertifikatga ega korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishda sanitariya-epidemiologik xulosa olish talabi;
  • tovarlarni erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirishda karantin ruxsatnomasini olish talabi.

Davlat organlarida xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini diagnostikadan oʻtkazish tizimi joriy etilib, unga koʻra sohalar nazoratiga masʼul inspeksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi "yuqori" va "oʻrta" boʻlgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar diagnostikadan oʻtkaziladi.

Diagnostika natijasiga koʻra xodimning korrupsiyaga barqarorlik darajasi "past" deb baholanishi mazkur lavozimda mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishiga monelik qiluvchi holat hisoblanadi hamda xodim korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi "past" boʻlgan boshqa lavozimga majburiy ravishda rotatsiya qilinadi.

Qurilish chiqindilarini takroriy foydalanish, qayta ishlash yoki utilizatsiya qilishga yoʻnaltirishning quyidagi tartibi joriy etiladi:

  • buyurtmachi-yuridik shaxslar tomonidan binolar va inshootlar, yoʻllar va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash yoki buzish ishlarida hosil boʻladigan qurilish chiqindilari ularni qayta ishlash faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari yoki chiqindi poligonlariga shartnoma doirasida taqdim etiladi;
  • qurilish ishlari boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda qurilish jarayonida hosil boʻladigan qurilish chiqindilari hajmini va ularni toʻplash joylarini belgilash, shuningdek, ular bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish boʻyicha loyihaviy yechimlar nazarda tutilishi majburiy hisoblanadi;
  • qurilish chiqindilarining atmosfera havosiga taʼsirining oldini olish maqsadida buyurtmachi tomonidan amaldagi shaharsizlik normalari va qoidalariga muvofiq chang va yoqimsiz hidlarni bartaraf etish choralari koʻriladi.

Arxiv xizmatlarini raqamlashtirishda qoʻllaniladigan amaldagi arxiv axborot tizimlari negizida Yagona milliy arxiv axborot tizimi joriy etiladi. Bunda:

a) barcha raqamlashtirilgan va kelgusida raqamlashtiriladigan arxiv hujjatlari Arxiv axborot tizimiga kiritiladi va tizimda saqlanadi;

b) arxiv hujjatlarini raqamlashtirish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

  • birinchi bosqichda (2025-2027 yillar) – alohida qimmatli va noyob hujjatlar, mol-mulk va yerga oid arxiv hujjatlari toʻliq raqamlashtiriladi;
  • ikkinchi bosqichda (2028-2029 yillar) – kino, foto, fono va ilmiy-texnik arxiv hujjatlari raqamlashtiriladi;
  • uchinchi bosqichda (2030 yildan) – Milliy arxiv fondining boshqa arxiv hujjatlari raqamlashtiriladi;

v) Adliya vazirligi huzuridagi "Oʻzarxiv" agentligiga  Milliy arxiv fondi hujjatlarini skanerlash va ularni Arxiv axborot tizimiga kiritish ishlari uchun Adliya vazirligi hamda Agentlikning byudjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan shartnoma asosida mutaxassislarni jalb qilish huquqi beriladi.

Shunday tartib oʻrnatilib, unga koʻra sunʼiy intellektga asoslangan axborot tizimlari (dasturiy mahsulotlar)ni joriy etish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat xaridlarini:

  • tegishli idoralar tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq yuritiluvchi reyestrga kiritilgan tadbirkorlik subyektlari bilan;
  • umumiy qiymati BHMning 2,5 ming barobaridan oshmagan shartnomalar doirasida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida amalga oshirishga ruxsat etiladi.