1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

    Bu sana 1925-yil Jenevada bolalar farovonligiga bag'ishlangan Butunjahon konferensiyasida ta'sis etilgan bo'lsa-da, oradan 25 yil o'tib, 1950-yildan boshlab bayram sifatida nishonlab kelinadi.

    Yana bir tarixiy ma'lumotga ko'ra, “Bolalar kuni” birinchi marta Turkiya Respublikasi tomonidan 1920-yil 23-aprelda rasmiy ravishda milliy bayram deb e'lon qilingan.

    1-iyun – Xalqaro bolalar himoya qilish kuni dunyoning 50 ga yaqin mamlakatlarida nishonlansa ham, boshqa ko'plab davlatlarda har yili 20-noyabr kuni “Xalqaro bolalar kuni” sifatida birdek nishonlanadi.

    Xalqaro UNICEF tashkiloti ham jahonning ming yillik dasturlarini ishlab chiqishda bolalarning ehtiyojlariga mos keladigan sakkizta maqsadlarni ming yillik dasturlarga kiritishga erishdi.

    Umumjahon bolalar kuni bu nafaqat bolalar bayrami, balki butun dunyo bo'ylab zo'ravonlikka duch kelgan bolalarni himoya qilishga ham chorlaydi.

    Zero, Bolalar hayotimiz davomchilari, kelajagimiz egalaridir. Binobarin, ularni asrab-avaylash, har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish har bir davlat, har bir oila, har bir ota-onaning muqaddas burchidir. O'zbekistonda ham farzandlarimiz ana shunday mehr-muhabbat, ulkan g'amxo'rliklar og'ushida voyaga yetmoqda.

    Shu o'rinda dunyodagi o'zining kulgusi orqali insoniyatga olam-olam quvonch ulashayotgan barcha kichkintoylarni Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan chin yurakdan muborakbod etamiz.

    Unutmang, Siz borsiz hayotimiz go'zal va bardavom.

    Zulxumor Akbarova