Tadbir “Yangi Oʻzbekistonning baxtli bolalari” shiori ostida oʻtkaziladi.
Tadbir doirasida respublika boʻylab barcha kinoteatr va Yoshlar ijod saroylarida Oʻzbekiston va Rossiya kinoijodkorlari hamkorligida bolalar uchun suratga olingan “Parining sovgʻasi” va “Quyosh taʼmi” filmlari namoyishi tashkil etiladi.
Filmlar, shuningdek, poytaxtdagi Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyida ham ikki tilda (oʻzbek va rus) taqdim etiladi. Shu bilan birga, yosh tomoshabinlar uchun qiziqarli savol-javob oʻyinlari, multfilm qahramonlari ishtirokida shou-dasturlar ham tashkil etilib, gʻoliblarga maxsus sovgʻalar topshiriladi.
Maʼlumot uchun, “Parining sovgʻasi” filmi Rossiyada xizmat koʻrsatgan artist, taniqli aktyor Farhod Mahmudov rejissyorligida suratga olingan. Ushbu film 6 yoshdan katta boʻlgan bolalar auditoriyasiga moʻljallangan boʻlib, ertak janridagi kartina hisoblanadi.
“Quyosh taʼmi” filmi esa, “Sputnik Vostok Prodakshn” kinokompaniyasi bilan hamkorlikda suratga olingan. Film oilaviy fentezi janrida yaratilgan boʻlib, unda Oʻzbekistonga safari chogʻida gʻaroyib sarguzashtlar ishtirokchisiga aylangan moskvalik oddiy oila haqida hikoya qilinadi. Unda aktrisa va rejissyor Yelena Polyakova rol ijro qilgan.