Ish haqi oshadi

Prezident farmoniga koʻra, 1-may kunidan byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 7 foizga oshiriladi. Shuningdek, Oʻzbekiston hududida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori – oyiga 980 ming soʻm, bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 330 ming soʻm etib belgilanadi.

Jarimalar uchun 50% chegirma

Tegishli qonunga muvofiq 2023-yil 1-maydan maʼmuriy jarimalarni 15 kun ichida toʻlaganlik uchun chegirma miqdori oshiriladi. Bunda huquqbuzar unga jarima solish toʻgʻrisidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini yoki 30 kun ichida 70 foizini ixtiyoriy ravishda toʻlagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini toʻlashdan ozod qilinadi. Mazkur tartib sud qaroriga asosan qoʻllanadigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Imtiyozli transport kartalari “ishga tushadi”

1-maydan shahar yoʻlovchilar transportida ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi imtiyozli transport kartalari respublikaning barcha shaharlarida beriladi. Prezident qaroriga muvofiq shahar yoʻlovchilar transportida ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi imtiyozli transport kartalarini berish respublikaning barcha shaharlarida amalga oshiriladi.

Ayrimlarga xaridi uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi qaytariladi

Prezidentning tegishli qaroriga asosan 2023-yil 1-maydan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslarga ayrim turdagi tovarlar xaridi uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi qaytarib beriladi. Yaʼni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar chakana savdo obyektlarida tuxum, oʻsimlik yogʻi hamda mol, qoʻy, parranda goʻshtlari xaridini amalga oshirganda va ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali roʻyxatdan oʻtkazganda, ularning bank kartalariga har oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi miqdoridagi toʻlov oʻrniga, xarid summasida toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi respublika byudjetidan qaytariladi.

“Metan-zapravka”larga onlayn kamera oʻrnatish majburiy boʻladi

Prezidentning 2023-yil 10-fevraldagi “Tadbirkorlik subyektlarini toifalarga ajratish mezonlari hamda soliq siyosati va soliq maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan 1-maydan qator tartiblar oʻrnatilmoqda.

Jumladan: 

– avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor stansiyalari va avtomobillarga gaz quyish stansiyalarida elektron oʻlchash uskunalari va onlayn video kameralarini oʻrnatish hamda ularni soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish majburiy hisoblanadi;

– paxta xomashyosi, gʻalla yoki sholini qabul qilish va hisobini yuritish boʻyicha axborot tizimlarining operatorlari oʻz tizimlarini soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilishlari majburiy hisoblanadi;

– toʻlov xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar oʻrtasida pul oʻtkazmalari amalga oshirilganda, ularga koʻrsatilgan xizmatlar uchun (olingan haq, komissiya uchun “0” soʻm boʻlgan taqdirda ham) elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etadi va rasmiylashtiradi. 

Yangi “dom”larning tomiga quyosh panellari oʻrnatish majburiy boʻladi

Prezidentning 2023-yil 16-fevralda qabul qilingan “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 1-maydan boshlab foydalanishga topshiriladigan koʻp qavatli uylar tomlari boʻsh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini oʻrnatish talabi joriy qilinadi.

Shuningdek, 1-maydan boshlab yangi tashkil etiladigan issiqxona xoʻjaliklari hamda sement, gʻisht va ohak mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar berilishi taqiqlanadi. Respublikadagi barcha yoqilgʻi (avtobenzin, suyultirilgan va siqilgan gaz) quyish shoxobchalarining maishiy-texnik ehtiyojlari va hududini yoritish uchun elektr energiyasi taʼminotining kamida 50 foizi ushbu obyektlarda oʻrnatiladigan quyosh panellari orqali qoplanishi talab etiladi. 

Ayrimlarga shifoxonada bepul ovqat beriladi

Prezidentning tegishli qarori bilan 2023-yil 1-maydan nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashda qator tartiblar oʻrnatilmoqda. Jumladan, tibbiyot muassasalarida davolanayotgan nogironligi boʻlgan bolaga gʻamxoʻrlik qilish uchun shu muassasada uning otasi yoki onasiga (ularning oʻrnini bosuvchi shaxsga) yoxud oilaning bolani bevosita parvarishlayotgan boshqa aʼzosiga nogironligi boʻlgan bolaning yonida birga boʻlish uchun sharoit yaratiladi.

Shuningdek, statsionar tibbiyot muassasalarida nogironligi boʻlgan bolani parvarishlayotgan shaxsga mazkur davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi hamda bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga gʻamxoʻrlik qiluvchi shaxslar (ota-onasi va boshqalar) uchun davolash davrida davlat statsionar tibbiyot muassasalarida bepul ovqatlanish yoʻlga qoʻyiladi. 

Halok boʻlgan harbiy xizmatchining yaqinlari ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanadi

Prezidentning tegishli farmoni bilan vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib boʻlganligi oqibatida halok boʻlgan harbiy xizmatchilari va xodimlarining oila aʼzolari hamda ularning qaramogʻidagi shaxslarga 2023-yil 1-maydan boshlab qator imtiyozlar berilmoqda.

Jumladan:

– oilaning mehnatga layoqatsiz har bir aʼzosiga boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul taʼminotining (ish haqining) 50 foizi miqdorida belgilanadi;

– oila aʼzolari (ota-onasi, turmush oʻrtogʻi, 23 yoshga toʻlmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan boʻlsa, oʻsha oyda har bir oy uchun mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod etiladi;

– belgilangan tartibda turar joyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turar joy bilan birinchi navbatdagi tartibda taʼminlanadi;

– qonunchilikda belgilangan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) turar joy sotib olish (qurish) uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish tartibiga muvofiq uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlarini olish huquqi saqlab qolinadi;

– halok boʻlgan harbiy xizmatchining (xodimning) yangi nikohga kirmagan turmush oʻrtogʻi va (yoki) harbiy xizmatchining (xodimning) qaramogʻida boʻlgan ota-onasidan biriga Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilariga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasini toʻlash tartibi tatbiq etiladi (mulkida turar joy boʻlmagan taqdirda).

Rahbar kadrlar uchun oʻquv kurslari joriy etiladi

Prezidentning 2023-yil 7-fevraldagi tegishli qaroriga asosan, 2023-yil 1-maydan boshlab rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida inson huquqlari va gender tenglik boʻyicha oʻquv kurslari (soatlari)ni joriy qilinadi. Bunda, mazkur oʻquv kurslarini Inson huquqlari sohasida taʼlim olish boʻyicha elektron platformasi orqali tashkil etishga ruxsat beriladi.

Bank hisobvaragʻini masofadan turib ochishga ruxsat etiladi

Prezidentning 2022-yil 10-noyabr kuni qabul qilingan “Hisobot taqdim etish va arxiv hujjatlarini saqlash tartib-taomillarini maqbullashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan 2023-yil 1-maydan quyidagilarga ruxsat berilmoqda:

– tijorat banklariga ariza beruvchini masofadan turib identifikatsiya qilish uchun zarur shart-sharoitlar mavjud boʻlganda, taʼsischilari Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga bank hisobvaragʻini masofadan turib ochishga;

– yuridik shaxslarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv, ichimlik suv taʼminoti, oqova suv va telekommunikatsiya xizmatlari koʻrsatish boʻyicha shartnomalarni, ularning isteʼmoli toʻgʻrisidagi hisobotlarni va kelgusi davr uchun shartnomaviy miqdorlar toʻgʻrisidagi bir martalik va davriy hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirishga.