Qarorga koʻra, 2025-yilda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:
- 2 million nafar xotin-qizlarning bandligini taʼminlash;
- 250 ming nafar xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish;
- 250 ming nafar xotin-qizlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish;
- 50 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni sanatoriylarda sogʻlomlashtirish hamda ularda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha motivatsion seminarlar tashkil etish.
“HAMROH” tadbirkor ayollarni qoʻllab-quvvatlash dasturi doirasida 2025-yil 1-maydan:
- xotin-qizlarga “yashil loyihalar” va IT sohasidagi loyihalarni amalga oshirishiga, shuningdek, kamida 5 nafar xotin-qizning tadbirkorligini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashgan 1 ming nafar “ustoz” tadbirkorlarga 50 million soʻmgacha grant ajratish yoʻlga qoʻyiladi;
- ijobiy kredit tarixiga ega boʻlgan xotin-qizlarga 100 mln soʻmgacha garovsiz kredit ajratiladi;
- ayol tadbirkorlar tomonidan kredit hisobidan sotib olinayotgan asbob-uskunalar yetkazib berilgunga qadar “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kafillik taqdim etilishi yoʻlga qoʻyiladi.