Buloqboshida issiqxonadan 1 milliard soʻmlik mahsulot eksport qilinayapti

    Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Buloqboshi tumanida boʻlib, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

    Jarayonda viloyat rahbari Yuksalish mahallasi hududidagi Abdulhakim Toʻlanov rahbarlik qilayotgan “Nektar agro” MCHJ tomonidan tashkil etilgan issiqxonaning faoliyati bilan tanishdi. Mutasaddilar bilan muloqot oʻtkazib, faoliyatni yanada rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar berdi.

    Mazkur gidroponika usulidagi zamonaviy issiqxona 2 million AQSH dollari investitsiya hamda tadbirkorning 500 ming AQSH dollar mablagʻi hisobiga bunyod etilgan. Issiqxonaning 1,8 gektarida pomidor, 1 gektarida esa bulgʻor qalampiri va bodring yetishtiriladi.

    Mavsum davomida 200 tonnadan ziyod hosil yetishtirilib, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Rossiya kabi davlatlarga 1 milliard soʻmlik eksport amalga oshirilmoqda. Natijada mahallaning 10 nafar fuqarosi mavsumiy, 15 nafari doimiy ish bilan taʼminlandi.

    Andijon viloyat hokimligi matbuot xizmati