Hozirgi tadbirkorlarni xavf guruhiga kiritish tizimi yopiq boʻlib, intizomli soliq toʻlovchilar ham qaysidir hamkori qachonlardir xato qilgan boʻlsa, uning uchun ham javob bermoqda.

Oʻtkazilgan soʻrovlarda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilarning 70 foizi ushbu soliqni qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qoʻllash, yaʼni “tax gap” tizimi adolatsiz ekanini bildirgan.

Soliq tizimidagi korrupsiya bilan bogʻliq shikoyatlar haddan tashqari koʻpayib ketgani ham aynan “tax gap”  bilan bogʻliq.

Endilikda, 1-oktyabrdan boshlab, qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qoʻllash amaliyoti, yaʼni “tax gap”  bekor qilinadi. 

Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman soha vakillari bilan birga tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingini joriy qiladi.

Bunda, kelgusi yil 1-yanvardan boshlab reytingi yuqori korxonalar:

- barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi;

- ularga qoʻshilgan qiymat soligʻining ortiqcha qismi bir kunda qaytarib beriladi;

- qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi guvohnomasini vaqtinchalik toʻxtatib turish amaliyoti bekor qilinadi.