1-sentyabrdan barcha tuman(shahar)lar kesimida “Namunali maktab” reytingi joriy etiladi

    Ta'lim 12 May 2022 2761

    Xalq taʼlimini rivojlantirish va uning yaqin yillardagi asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradigan ikkita muhim hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022–2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida” farmoni hamda “Xalq taʼlimini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi.

    Milliy dastur maktab oʻquvchilarining bilimi va koʻnikmalarini shakllantirish, ularni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oʻqituvchi kasbi nufuzini va sifat tarkibini oshirish, darsliklar va oʻquv metodik majmualarni zamon talablari asosida takomillashtirish, xalq taʼlimi muassasalarining xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy modellarini barpo etish, maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash hamda yangi oʻquvchi oʻrinlarini yaratish maqsadida qabul qilinmoqda.

    “Xalq taʼlimini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi” Prezident Qaroriga koʻra, reyting doirasida har oʻquv yili yakunida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar holati Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlangan mezonlar boʻyicha baholab boriladi.

    Buning uchun umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar holatini baholash va reytingni yuritish uchun tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari boshliqlari rahbarligida maxsus komissiyalar tuziladi hamda ularning xulosalariga koʻra, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari reyting koʻrsatkichlari asosida “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi.

    Reyting koʻrsatkichlari asosida “qizil” toifaga kiritilgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha zarur choralar koʻriladi.