Qarorga koʻra:

1-sentyabrdan boshlab, ijtimoiy nafaqalarni tayinlash toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va ularni tayinlash tartib-taomillari Sirdaryo viloyati tajribasida qoʻllangan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi vositasida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi;

jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami axborot tizimida shaxsning identifikatori hisoblanadi;

axborot tizimi orqali kam taʼminlangan deb eʼtirof etilganlik toʻgʻrisida maʼlumotnoma Yagona portal orqali taqdim etiladi va oʻn ikki oy davomida amal qiladi;

Adliya vazirligi 2021-yilning 1-yanvariga qadar “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimida FHDYO organlari arxivlarida qogʻoz tashuvchilarda saqlanayotgan hujjatlarning elektron bazalarini shakllantirilishini taʼminlaydi;

Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda 1-oktyabrga qadar maʼlumotlar taqdim etish maxfiyligi va yopiqligini taʼminlash asosida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga ariza beruvchi va uning oila aʼzolari nomiga olingan pul oʻtkazmalari va ochilgan depozit hisobvaraqlaridagi qoldiqlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni axborot tizimida roʻyxatga olinganda shaxslarning roziligi bilan taqdim etish imkoniyatini yaratish tavsiya etiladi;

Davlat xizmatlari agentligi 2021-yil 1-yanvarga qadar “FXDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimidagi fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlariga fuqarolarga tegishli boʻlgan shaxsiy identifikatsiya raqamini biriktirish orqali ariza beruvchining oila aʼzolari tarkibini aniqlash funksiyasi joriy etilishini taʼminlaydi;

bir oy muddatda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ishlab chiqiladi. Bunda, ijtimoiy nafaqalarni tayinlashda ustuvorlik daromadi nisbatan pastroq boʻlgan oilalarga berilishi nazarda tutiladi;

ikki oy muddatda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etishning yagona tizimini joriy etish, ijtimoiy nafaqalarni, xizmatlarni va yordamni tayinlashda asos qilib olinadigan muhtojlikni aniqlash mezonlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.