Ushbu notada Gruziyaning “Turizm toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab Gruziya hududiga turistik maqsadlarda kiradigan barcha chet el fuqarolari amaldagi tibbiy sugʻurta polisiga, qogʻoz yoki elektron shaklda rasmiylashtirilgan va gruzin yoki ingliz tilida mavjud boʻlgan baxtsiz hodisalardan sugʻurtalashga ega boʻlishlari shartligi maʼlum qilingan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Sugʻurta polisi Gruziyadagi yoki xorijiy sugʻurta kompaniyasi tomonidan berilishi mumkin. Bunda eng kam sugʻurta summasi kamida 30 ming gruzin lariga (1 ming 154,88 AQSH dollari) teng boʻlishi kerak.

Sugʻurta polisi majburiy tartibda quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:

  • sugʻurta shartnomasi tomonlari;
  • sugʻurtalangan hudud;
  • sugʻurta predmeti;
  • sugʻurta qoplamasining boshlanish va tugash sanalari;
  • sugʻurtalangan risklar;
  • sugʻurta summasi miqdori (javobgarlik limitlari);
  • sugʻurta mukofotining miqdori, uni toʻlash joyi va shartlari.

Polis turistning Gruziya hududida boʻlgan butun davrini, shu jumladan, kirish va chiqish sanalarini qamrab olishi kerak.

Quyidagi toifadagi shaxslar sugʻurta polisi mavjud boʻlishini majburiy talab qilishdan ozod etiladi:

  • diplomatik va maxsus viza egalari;
  • diplomatik, xizmat, rasmiy va maxsus pasport egalari;
  • diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan tuzilmalarning akkreditatsiya qilingan xodimlari hamda ularning akkreditatsiya qilingan oila aʼzolari;
  • Gruziyaga kirishi Gruziyaning xalqaro shartnomalari va bitimlariga muvofiq amalga oshiriladigan shaxslar;
  • avtomobilda xalqaro yuk va yoʻlovchi tashishni amalga oshiruvchi haydovchilar.

Elchixona ushbu maʼlumotni Oʻzbekistondagi vazirlik va idoralar hamda fuqarolarga belgilangan tartibda yetkazish, ularga davlat chegarasini kesib oʻtishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan qiyinchiliklarning oldini olish uchun Gruziya qonunchiligi talablariga muvofiq sugʻurta polislarini oldindan rasmiylashtirishni tavsiya qilishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.