Hususan, quyidagi talablar bekor qilinmoqda:

  • tadbirkorlik subyektining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va OAVda bu haqda eʼlon berish;
  • yangi import avtomobillarini sotish faqat yuridik shaxslar – ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan amalga oshirilishi;
  • elektr energiyasini elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan hajmlardan (oylik shartnomaviy miqdordan) ortiqcha isteʼmol qilgan yuridik shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berishni toʻxtatib qoʻyish;
  • yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlarni Yagona milliy mehnat tizimida hisobga olish orqali soliq xizmati organlarida alohida hisobga qoʻyish.

Tadbirkorlarni tekshirishi tartibi oʻzgarmoqda

Nazorat qiluvchi organlarga “Yagona davlat nazorati” axborot tizimidagi davlat nazorati funksiyalari reyestriga kiritilmagan funksiyalar boʻyicha tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazish taqiqlanmoqda.

Tadbirkorlarga qoʻshimcha imtiyozlar taqdim etilmoqda

Yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori oyiga BHMning 50%idan yiliga BHMning 1 baravarigacha kamaytirilmoqda (bundan savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar mustasno).

Oʻzining shaxsiy tomorqa yer uchastkasida shugʻullanayotgan fuqarolar tomonidan yiliga BHMning kamida 1 baravari miqdorida ijtimoiy soliq toʻlangan taqdirda, ular rasmiy band boʻlgan aholi toifasiga kiritiladi va ushbu davr ularning mehnat stajiga qoʻshiladi.
Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlarga murakkab boʻlmagan umumiy qurilish va qurilish-taʼmirlash ishlari (beton quyish, boʻyoqchilik, suvoqchilik ishlari, gʻisht va kafel terish, perforatsiya, duradgorlik, chilangarlik va boshqa umumiy qurilish ishlari)ni, shu jumladan, yuridik shaxslar uchun ham bajarishga ruhsat etilmoqda. Qurilish-pudrat tashkilotlariga umumiy qurilish ishlarini bajarish uchun shartnoma asosida yakka tartibdagi tadbirkorlarni jalb qilish mumkin boʻladi

Qoraqalpogʻistonning barcha tumanlarida joylashgan tadbirkorlik subyektlari uchun 2028-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda:

  • foyda soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha soliq stavkalari 50%ga kamaytiriladi;
  • ijtimoiy soliq 1% miqdorida belgilanadi;
  • yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlanayotgan ijtimoiy soliq shaharlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 12 baravarga, tumanlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 6 baravarga kamaytirilib, yiliga BHMning bir baravari miqdorida belgilanadi

Elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari soliq va bojxona bojlaridan ozod etiladi

2026-yil 1-yanvargacha ozod qilinadi:

  • yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻidan – elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari hamda ular oʻrnatilgan avtomobil toʻxtash joylari joylashgan yer uchastkalari, yuridik shaxslarning mol-mulk soligʻidan – elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari;
  • foyda soligʻidan – asosiy faoliyat turi transport vositalarini quvvatlantirish xizmatini koʻrsatish (ushbu faoliyat turi boʻyicha tushumning umumiy realizatsiya qilish hajmidagi ulushi 50% va undan yuqori) boʻlgan tadbirkorlik subyektlari;
  • transport vositalarini quvvatlantirish xizmatini koʻrsatishdan olingan daromad boʻyicha aylanmadan olinadigan soliqdan;
  • bojxona bojidan – belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha xorijdan olib kelinadigan elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi uchun texnologik asbob-uskunalar.

Statistika hisobotlarining yangi shakllari kuchga kirmoqda, ayrimlari oʻz kuchini yoʻqotmoqda

2023-yil uchun 100 dan ziyod statistika hisoboti shakllari kuchga kirmoqda.

Statistika hisobotining 9 ta shakli va buxgalteriya hisobi subyektlari tomonidan moliyaviy hisobotlarni soliq va statistika organlariga har chorakda taqdim etish talabi bekor qilinmoqda.

Xorijiy sayyohlarga QQSni qaytarish boʻyicha eksperiment boshlanadi

Chet davlat fuqarolariga ular tomonidan Oʻzbekiston hududidagi chakana savdo bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlaridan ayrim turdagi tovarlarni sotib olishda toʻlangan QQS summasini qisman qaytarish (“tax free”) tizimi tajriba tariqasida joriy etilmoqda.

Pensiya hisoblash tartibi oʻzgarmoqda

Yoshga doir, nogironlik hamda boquvchisini yoʻqotganlik pensiyalarini hisoblab chiqarish uchun qabul qilinadigan oʻrtacha oylik ish haqining eng koʻp miqdorini pensiyani hisoblash bazaviy mikdorining oʻn barobaridan oʻn ikki barobarigacha oshirish koʻzda tutilmoqda.

Shuningdek, imkoniyati cheklangan shaxslarni pensiya taʼminotiga oid quyidagi normalar kuchga kirmoqda:

  • I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyingi ishlangan vaqt ish stajiga qoʻshib hisoblanadi;
  • I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega boʻlsa, fuqaroning arizasi asosida ish staji va ish haqi inobatga olingan holda pensiya har ikki yilda bir marotaba qayta hisoblab chiqiladi.

Dori vositalariga yangi talablar oʻrnatilmoqda

Tasdiqlangan roʻyxatda belgilangan dori vositalaridan tashqari barcha yangi dori vositalari ishlab chiqarish sharoitlarining “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP” talablariga muvofiqligi oʻrganilganidan soʻng klinik tadqiqotlarning ijobiy natijasi asosida davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi

Import shartnomalar boʻyicha xizmatlarni soliqqa tortish tartibi oʻzgarmoqda

Asbob-uskunalar (qurilmalar, mexanizmlar, butlovchi va ehtiyot qismlar) sotib olish (sotish) boʻyicha shartnomada (kontraktda) ularni montaj va (yoki) ishga tushirish-sozlash xizmatlari, xodimlarni oʻqitish xizmatlari va boshqa shu kabi xizmatlar qiymati alohida koʻrsatilmagan hollarda norezidentning soliq solinadigan daromadini ushbu xizmatlarning bozor qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi.

Ayrim davlat organlari majburiy tartibda nogironlar jamiyatlaridan tovarlar xarid qilishadi

Sogʻliqni saqlash vazirligi, Maktabgacha va maktab vazirligi hamda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, shuningdek, ushbu idoralarning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning oʻzlariga kerak tovarlarning kamida 10% qismi nogironlar jamiyatlari tomonidan ishlab chiqilgan tovarlar tashkil etadi.

Advokatlik litsenziyasi onlayn rasmiylashtiriladi

Litsenziya olish uchun arizalar “Litsenziya” AT yoki YAIDXP orqali yuboradi. Arizalar har kuni, dam olish kuni va bayram kunlaridan qatʼi nazar yuborilishi mumkin.

Qurilish sohasila talablar soddalashtirilmoqda

Qurilish-montaj, rekonstruksiya va mukammal taʼmirlash ishlarini oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtirayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun smeta-resurs normalari tavsiyaviy xususiyatga ega boʻladi.

Qurilish reglamentlari hamda smeta-resurs normalarini Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan oʻtkazish talab etilmaydi. Shaharsozlik normalari va qoidalari har 3-4 yilda qayta koʻrib chiqiladi va zaruratga koʻra yangilab boriladi.

Tekstil mahsulotlarini olib chiqish uchun yigʻim miqdori oʻzgaradi

Oʻzbekiston bojxona chegarasi orqali paxta ip-kalavasi va trikotaj matoni (boʻyalgan trikotaj matodan tashqari) olib chiqishda har bir kg uchun $0,1 miqdorida yigʻim undiriladi(2022-yilda – $0,05).

Ipoteka kreditlari uchun subsidiya olgan shaxslar JSHDSdan ozod etiladi

dastlabki badalning va ipoteka krediti boʻyicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya berilgan fuqarolarning olingan ipoteka kreditlarini hamda ular boʻyicha hisoblangan foizlarni toʻlash uchun yoʻnaltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari JSHDSga tortilmaydi. Ushbu imtiyoz qarz oluvchi va birga qarz oluvchilar daromadining bir soliq davrida mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 80 baravaridan oshmagan qismiga tatbiq etiladi

“Ye-patrul” tizimi joriy etiladi.

Bosqichma-bosqich “Ye-patrul” tizimi joriy etilib, fuqaroning shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar boʻlimiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi. Barcha maʼlumotlar onlayn tekshiriladi, patrul xodimlarining faoliyati esa bodikamera orqali qayd etiladi.

Faxriy donorlarga qator imtiyozlar beriladi

“Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori" koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga biryoʻla beriladigan pul mukofoti summasi BHMning 5 baravaridan 15 baravarigacha oshiriladi. Mazkur koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi:

  • ular uchun qulay boʻlgan vaqtda yillik asosiy mehnat taʼtiliga chiqish;
  • shahar jamoat transportining barcha turlaridan bepul foydalanish;
  • davlat sanatoriy-kurortlarida davolanish uchun yoʻllanmalarni navbatsiz olish;
  • doimiy (yiliga kamida 3-marta qon topshiruvchi) donorlar va ularning yaqin qarindoshlari statsionar davolanish jarayonida, zarurat tugʻilganda, qon va uning tarkibiy qismlari bilan bepul taʼminlanadi;
  • donorlarni bepul ovqat bilan taʼminlash boʻyicha xarajatlarning qiymati respublika boʻyicha bir xil - MHEKMning 3%i miqdorida belgilanadi.

Mahalliy byudjetlar Bolalarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasini toʻldirib borishadi

Har chorakda mahalliy byudjetning prognozdan oshirib bajarilgan qismining 10%i Jamgʻarmaga yoʻnaltiriladi. Davlat organlari va tashkilotlari xodimlari tomonidan farzandlari uchun sotib olingan oromgohlar yoʻllanmalari narxining 50 %igacha boʻlgan (ammo har bir yoʻllanma uchun BHMning 1 baravaridan oshmagan) qismi ish beruvchilarning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan xodimlarga kompensatsiya qilib berilishi mumkin.

Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi sanatoriylarda kasaba uyushmalari aʼzosi boʻlgan xodimlarni sogʻlomlashtirish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun kasaba uyushmalari Federatsiyasiga belgilangan tartibda taqsimlanadigan ijtimoiy soliq tushumlari hisobidan har bir yoʻllanma narxining 55%i miqdorida sanatoriylarga kompensatsiya qilinadi.

Ikkita hududda imtiyozli transport kartalari berish boshlanadi

Toshkent va Samarqandda imtiyozli transport kartalarini berish boshlanadi.

Imtiyozli kartalarni olish uchun hududiy transport boshqarmalariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish lozim.

Maʼlumot uchun: quyidagi shaxslarga shahar yoʻlovchilar transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqi berilgan:

  • 1941-1945-yillardagi urush qatnashchilari va nogironlari hamda urushning I guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaxs;
  • Afgʻonistonda va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalminalchi jangchilar jumlasidan boʻlmish fuqarolar;
  • haqiqiy muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilar va kontrakt boʻyicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar;
  • Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxslar;
  • nogironligi boʻlgan koʻzi ojiz shaxslar va nogironligi boʻlgan koʻzi ojiz shaxsga safarlarda hamrohlik qiluvchi shaxs.

Sobir Nurberdiyev.