Nogironligi borlarga beriladigan protez va reabilitatsiya vositalari roʻyxati 18 tadan 30 taga, mablagʻi esa 1,5 barobarga oshirildi. Buning evaziga yil boshidan 100 ming odamni ehtiyoji taʼminlandi.
Endi roʻyxatga yana 7 turdagi vositalar qoʻshilishi belgilandi.
Ijtimoiy xizmat agentligiga viloyat hokimlari bilan birgalikda 2025-yilda 80 ming muhtoj odamga zarur protez vositalarini yetkazib berish topshirildi.
Yaratilgan imkoniyatlar hisobiga bu yil tadbirkorlar 40 ming nogironligi borlarni ishga oldi.
Buni yanada kengaytirish maqsadida 1-yanvardan nogironligi boʻlgan ishchilar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilanadi. Korxonalarga surdotarjimon, psixolog va koʻzi ojizlar uchun hamrohlik xizmati xarajati uchun 50 million soʻmgacha subsidiya ajratiladi.
Bunday odamlarni ishga joylagan xususiy bandlik kompaniyalariga 500 million soʻmgacha grant beriladi. Bunda, ushbu kompaniyalar ishlash istagi bor odamlarni aniqlab, ularni oʻqitadi, korxona talabiga moslashtiradi, ish davrini dastlabki 6 oyida hamrohlik qiladi.