Ma’lum qilinishiсha, Prezidentning 2026 yil 25 martdagi PF–46-son farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 maydan boshlab har oyining 10 va 25 sanalarida «Avtomobilsiz kun» hamda «Avtomobilsiz hafta» aksiyalari o‘tkazib kelinmoqda.

Farmonga ko‘ra, aksiya kunlarida davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining xizmat avtotransportidan foydalanishi taqiqlanadi. Shu bilan birga, haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi.

Tashabbus atmosferaga chiqarilayotgan zararli chiqindilar hajmini qisqartirish, aholining salomatligini muhofaza qilish, ekologik barqaror muhitni shakllantirish hamda jamoat transporti va ekologik toza transport vositalaridan foydalanish madaniyatini ommalashtirishga qaratilgan.

Maxsus komissiya qaroriga muvofiq, «Avtomobilsiz kun» va «Avtomobilsiz hafta» aksiyalari davomida davlat fuqarolik xizmatchilarining xizmat avtotransportidan foydalanishi odob-axloq va xizmat xulqi qoidalarini buzish deb baholanadi. Belgilangan talablarga rioya etmaslik esa intizomiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, aksiya doirasida vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, ta’lim muassasalari hamda keng jamoatchilik ishtirokida turli targ‘ibot tadbirlari, ommaviy sayrlar va ekologik aksiyalar tashkil etiladi.

Mutasaddilar davlat tashkilotlari xodimlari va barcha fuqarolarni mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga hamda atrof-muhit musaffoligini ta’minlashga hissa qo‘shishga chaqirmoqda.