Nizomga muvofiq, Oʻzbekiston hududida bir sutka davomida oʻn ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi Oʻzbekiston fuqarolarining platformadagi elektron hamyoniga 3 ming soʻmdan oʻtkaziladi.
Hududlar kesimi boʻyicha eng koʻp yurgan shaxslarga har oyda:
➖tuman (shahar)da – 300 ming soʻm;
➖viloyatlar va Toshkent shahrida – 500 ming soʻm;
➖Respublika boʻyicha – 1 mln soʻm qoʻshimcha ravishda platformadagi elektron hamyoniga oʻtkaziladi.
Platformada fuqarolarning yurgan qadamlari hisobi soat 00:00 dan 23:59 gacha yuritiladi.
Mobil ilovadan foydalanish uchun fuqarolar Google Play Market yoki AppStore internet doʻkonlaridan mobil ilovani yuklab olishi hamda Android operatsion tizimida Google Fit, iOS operatsion tizimida HealthKit ilovalarini mobil qurilmalariga oʻrnatishi lozim.
Buning uchun fuqarolar id.egov.uz sayti orqali roʻyxatdan oʻtib autentifikatsiya va identifikatsiyasini amalga oshirishlari lozim.