Yigʻilishda meva-sabzavot yetishtirish va eksportini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shu maqsadda aholiga yana 60 ming gektar yerlarni tarqatishga qaror qilindi.
Buning natijasida 1,5 million tonna qoʻshimcha mahsulot olib, eksportni yana 200 million dollarga oshirish mumkin boʻladi. Yoshlarni dehqonchilikka yaxshi oʻqitib, bu yerlarda band qilish muhimligi taʼkidlandi.
Aholiga boʻlib berilgan yer maydonlari hamda tomorqa yerlariga sanoat va kooperatsiyani keng olib kirib, qoʻshimcha 1 milliard dollarlik mahsulot yetishtirish mumkinligi qayd etildi.
Buning uchun 1 trillion soʻm kredit uchun resurs ajratiladi. Ushbu kreditlar kooperatsiya asosida mahsulot yetishtirish, texnika, aylanma mablagʻ uchun 100 million soʻmgacha garovsiz, 150 million soʻmgacha garov taʼminoti 50 foizga pasaytirilgan holda beriladi.
Shuningdek, jami 10 mingta texnika fermer va dehqonlarga 10-yil muddatga 3-yil imtiyozli davr bilan lizingga beriladi. Chetdan olib kelinib, lizingga beriladigan motokultivator va minitraktorlarga bojxona imtiyozi 3-yilga uzaytiriladi.