100 jildlik «Turkiy adabiyot durdonalari» kitoblar turkumining taqdimoti Ozarbayjon OAV diqqat markazida

    OAV O‘zbеkiston haqida 24 Noyabr 2022 2013

    “AZERTAC” davlat axborot agentligi va «TRT Azərbaycan» veb-saytlarida 22-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Turkiy adabiyot durdonalari» to‘plamining taqdimot marosimiga bag‘ishlangan maqolalar eʼlon qilindi.

    Ularda qayd etilganidek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan turkiy davlatlar shoir va yozuvchilarining o‘zbek tiliga tarjima qilingan asarlari jamlangan 100 jildlik «Turkiy adabiyot durdonalari» turkumi nashr etildi.

    “AZERTAC”ning O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi maʼlumotiga tayanib maʼlum qilishicha, ushbu tashabbus Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019 yil 15 oktyabr kuni Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining yig‘ilishi chog‘ida ilgari surilgan edi.

    «O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Fanlar akademiyasi tomonidan tayyorlangan ko‘p jildli ushbu to‘plam umumturkiy adabiyotning eng yaxshi namunalari, O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, shuningdek, Turkmaniston va Vengriyaning 629 nafar atoqli shoir, yozuvchi va mutafakkirlarining eng sara asarlarini o‘zida jamlagan, deb yozadi Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari. Ozarbayjon adabiyoti 16 jilddan iborat bo‘lib, ularda Nizomiy Ganjaviy, Nasimiy, Mahsati Ganjaviy, Afzaladdin Xog‘oniy, Muhammad Fuzuliy, Molla Panah Voqif, Heyronxonim, Natavon, Seyid Azim Shirvan hamda Husayn Jovid kabi 200ga yaqin ozar mumtoz shoir va yozuvchilarining asarlari kiritilgan.

    Maqolalarda taʼkidlanishicha, 100 jildli to‘plamda O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi ko‘magida amalga oshirilgan tarjimalardan keng foydalanilgan.

    Ozarbayjon OAV qayd etganidek, 22 noyabr kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Sharqshunoslik institutida turkiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari va madaniyat markazlari ishtirokida mazkur nashrlarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Ozarbayjon tomonidan O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori, elchixona birinchi kotibi Samir Abbosov ishtirok etdi.

    «U o‘z maʼruzasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu loyiha zamonaviy turkiy adabiyot rivojiga ham munosib hissa qo‘shadi», deya taʼkidlagani ham qalamga olingan.