100 nafar ayol ish bilan taʼminlandi

    Ijtimoiy hayot 9 Iyun 2021 2284

    Fargʻona viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tashabbusi bilan Fargʻona shahridagi «Joʻydam» MFYda “Fargʻona kasaba oʻquv ishlab chiqarish markazi” MCHJ tashkil qilindi.

    Bu yerda shahar hokimligi hamda shahar prokuraturasi bilan birgalikda boʻsh turgan binoga 400 million soʻmga yaqin mablagʻ jalb qilindi va 100 nafar ishsiz xotin-qizlar oʻqitilib, bandligi taʼminlandi. Ular bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlariga 7000 dona dastlabki mahsulot turlarini tayyorlab berishdi.

    Zamonaviy ishlab chiqarish tarmogʻi ochilish marosimida viloyat hokimi Hayrullo Bozorov ishtirok etdi.

    – Har bir oilaga daromad kerak. Buning uchun esa mehnat qilish, sharoit yaratish kerak. Opa-singillarimizni uyda boʻsh oʻtirishi hech bir mezonga toʻgʻri kelmaydi. Prezidentimizning “Ayollar daftari”ni yuritish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash uchun sektorlarga bergan topshiriqlari asosida mana shunday ishlab chiqarish markazlari ish boshlamoqda. Bu tashabbus hali bardavom boʻladi, ana shunday shunday kichik-kichik markazlarni tashkil qilishimiz kerak», - dedi viloyat rahbari.

    Maʼlumot oʻrnida aytganda Fargʻona shahrida 4 ming nafar ayol ana shunday markazlar orqali ish bilan taʼminlanadi.

    Shu kuni “Ayollar daftari”dagi bir guruh xotin-qizlarga tikuv mashinalari va pechlar topshirildi.

    Rasuljon Kamolov.