Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va tsirkulyar iqtisodiyotnі rivojlantirish agentligi ma’lum qildi.
Tanlovda chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash, shuningdek, obodonlashtirish boshqarmalarida tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ishchi-xodimlar qatnashadi.
Tanlovning 100 nafar g‘olibi davlat oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan farzandi yoki nevarasi uchun bir yillik kontrakt to‘lovi bilan rag‘batlantiriladi.
Bunda qoplab beriladigan kontrakt to‘lovi miqdori BHМning 30 baravaridan oshmasligi belgilangan. Imtiyozdan foydalangan talabalar kelgusida davlat organlari va tashkilotlarida kamida 3 yil ishlab berish majburiyatini oladi.
Tanlov uchun arizalar 1 sentabrdan 1 oktabrgacha sanitаr tozalash korxonalari va obodonlashtirish boshqarmalarida qabul qilinadi.
Arizaga nomzodning pasport yoki ID-karta nusxasi, 3×4 o‘lchamdagi rangli fotosurati, ma’lumotnoma, so‘nggi uch yildagi faoliyati va natijalarini aks ettiruvchi tavsifnoma, farzandi yoki nevarasi davlat OTMda kontrakt asosida tahsil olayotganini tasdiqlovchi ma’lumotnoma va shartnoma nusxasi, shuningdek, qarindoshlikni tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.
Tanlovning asosiy maqsadi ko‘p yillar davomida tozalash va obodonlashtirish sohasida halol va fidokorona mehnat qilib kelayotgan xodimlarni munosib rag‘batlantirishdan iborat.