“Shu kunlarda muzeyimiz yangi namoyishgohini yaratish ishlari qizgʻin davom etmoqda, – deydi Nigora Toʻraqulova. – Biz namoyishgoh uchun manbalar tanlayotib, 1149-saqlanish raqamli qoʻlyozma bayozdan shoir Mahzunning “Sifati Kaʼbatulloh” nomli asarini uchratdik.
Bu asar bizda qiziqish uygʻotdi. Mazkur qoʻlyozmalar boshqa qoʻlyozmalarga ham kiritilganmikan, deb qoʻlimizdagi qoʻlyozma bilan batafsil tanishib chiqdik.
Izlanishlarimiz samarali boʻldi. 743-saqlanish raqamli qoʻlyozma toʻplamda yuqoridagi asar borligini koʻrdik. U biz bilgan matndan ancha toʻlaroq ekan. Yana shu kitobga mavjud qoʻshimcha varaqlarda esa asar nusxasini koʻrdik.
Shu oʻrinda qoʻlyozmadagi baʼzi misralarni keltirib oʻtmoqchimiz:
...U haqirga kirsa har kimning gunohi toʻkilur,
Bandalarning boshidan gar mirsoyasi toʻkilur.
Doyi yurdahiga nuri rahmat yogʻilur.
Orzum sizda sharofatligʻ Rasulullloh!...
Biz “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining har bir sonini katta intiqlik bilan kutamiz. Chunki gazetangizning 6-sahifasida maʼnaviyat va maʼrifat olamidagi oʻziga xos yangiliklar va madaniy merosimiz haqida muntazam maqolalar berib boriladi.
Shu bois biz ham oʻz quvonchlarimizni, izlanishlarimizni siz bilan baham koʻrishni istadik. Tahririyatning kelgusi faoliyatida kattadan-katta muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
Sizlarga salom va ehtirom bilan
H.OTAJONOV,
N.TOʻRAQULOVA,
Gʻafur Gʻulom nomidagi Qoʻqon davlat adabiyot muzeyi xodimlari