1000 dan ortiq fuqarolarni chuv tushirgan firibgar ushlandi

    Samarqand viloyatida yashovchi fuqaro B.Oʻ. bank kartasidan 7.300.000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari nomaʼlum shaxs tomonidan firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirilgani boʻyicha IIOga murojaat qildi.

    Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.

    Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent shahrida yashovchi fuqaro K.A. sodir etganligi aniqlandi.

    Maʼlum boʻlishicha, gumonlanuvchi K.A., jabrlanuvchi B.Oʻ.ga qoʻngʻiroq qilib, unga “Lamifarm« tashkiloti tomonidan oʻtkazilayotgan tanlovda televizor va konditsioner yutib olganligini va ushbu yutuqlarni olish uchun yetkazib berish xizmatiga 200.000 soʻm oʻtkazib berish kerakligi hamda telefon qurilmasiga kod kelishini aytgan va "PAYME” ilovasidan kelgan kodni aytishi bilan plastik kartasidagi 7.100.000 soʻm miqdordagi pullarini yashirin tarzda oʻzining foydalanuvida boʻlgan plastik kartasiga oʻtkazib olib, uni qora roʻyxatga kirgizib qoʻygan.

    Holat yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida, ushbu shaxs Telegramda “CALL CENTER” nomli akkaunt ochib, 1000 dan ortiq fuqarolarning 550 mln soʻm pullarini oʻzlashtirganligi maʼlum boʻldi.

    Hozirda holat yuzasidan K.A.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.