Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Axborot xizmati maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, joriy yildan boshlab baholash reytingida nodavlat taʼlim tashkilotlari ham ishtirok etishlari mumkin.
Baholash jarayonlarini adolatli va shaffof oʻtkazilishini nazorat qilish vazirlikning masʼul xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, shaffoflikni toʻla taʼminlash maqsadida bir nafar ota-onalar vakili kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi. Nazorat ishlarini oʻtkazish jarayonlari toʻliq video tasvirga olinadi hamda 1 yil davomida saqlanishi taʼminlanadi.
Nazorat ishlari ona tili va adabiyot, matematika va kimyo fanlaridan oʻtkaziladi.
Shu bilan birga oʻquvchilar va oʻqituvchilar ishtirokida ijtimoiy soʻrovnomalar tashkil etiladi.
Oʻquvchilarga ona tili va adabiyot hamda matematika-kimyo fanlaridan test savollarini yechish uchun 100 daqiqa, oʻqituvchilarning bilimini tekshirish maqsadida tegishli fanlarga oid oʻtkaziladigan test savollarini yechishga 20 daqiqa vaqt ajratiladi. Soʻrovnoma savollariga javob berish uchun oʻquvchilarga 10-15 daqiqa, oʻqituvchilarga 20-25 daqiqa vaqt beriladi.
Umumtaʼlim muassasalari milliy reytingi doirasida oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovnoma va nazorat ishlari natijalari hamda reytinga aloqador maʼlumotlar tahlil qilinadi.
Tahlil natijalari asosida 2022-yil yakunlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek tuman (shahar) kesimida umumtaʼlim muassasalarining reytingi hamda tuman va shaharlarning taʼlim sifati boʻyicha reytingi tayyorlanadi hamda yangi oʻquv yili boshlanishidan oldin ommaga eʼlon qilinadi.
Baholash reytingida:
Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi — 70 ta;
Andijon viloyatidagi — 75 ta;
Buxoro viloyatidagi — 52 ta;
Fargʻona viloyatidagi — 95 ta;
Jizzax viloyatidagi — 56 ta;
Namangan viloyatidagi — 71 ta;
Navoiy viloyatidagi — 37 ta;
Qashqadaryo viloyatidagi — 121 ta;
Samarqand viloyatidagi — 127 ta;
Sirdaryo viloyatidagi — 31 ta;
Surxondaryo viloyatidagi — 95 ta;
Toshkent shahridagi — 33 ta;
Toshkent viloyatidagi — 86 ta;
Xorazm viloyatidagi — 52 ta maktab qurʼa tashlash yoʻli bilan tanlab olingan.








