Tadbirda kitob qahramoni 101 yoshli Pirnazar bobo bilan birgalikda ijodkorlar, yoshlar va OAVlari vakillari ishtirok etdi. “Jasorat va matonat” yoshlar targʻibot markazining loyihasi doirasida chop etilgan mazkur kitobda urush davridagi voqealar hikoya qilingan.

Uchrashuvda Pirnazar bobo Turdiyev yoshlarga urush davri xotiralarini soʻzlab berdi. Oʻzbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati boʻlimining xabar berishichakitob qahramoni hozirda Karmana tumani, Doʻrman mahallasida istiqomat qiladi.

– 1942-yilning kuzida Rossiyaning Penza shahrida birinchi urushga kirdik. 2- Blorussiya frontida jang kildim. Poltava, Kursk, Oryol, Gomel yerlaridan fashistlarni quvib chiqardik. Navbat Polsha yerlariga keldi, undan oʻtib Germaniyada gʻalaba bayrogʻini Rexistag ustiga tikladik. Men bilan safdosh ne-ne vatandoshlarim koʻz oʻngimda oʻqqa uchib ketishdi. Vatanga boʻlgan muhabbat, ota-onam duosi meni omon saqladi. Peshonamda yashash haqqi bor ekan, fashist gazandalarini taslim qilib 1946-yilning bahorida yurtga qaytdim. Uyga kelganimda onam, otam tirikligimga ishonishmagan. Chunki ikki marotaba mendan qora xat kelgan ekan-da, – deya xotirlaydi bobo.

1000 nusxada chop etilgan kitob oʻquv muassasalariga, yoshlarga taqdim etilishi rejalashtirilgan.