Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tashabbusi bilan “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamkorligida “Oʻzbekiston Qahramonlari” kitobi chop etildi. Mazkur kitob-albom millatimiz qahramonlariga ehtirom sifatida yaratildi. Unda Vatanimiz taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshib, “Oʻzbekiston Qahramoni” yuksak unvoni hamda “Oltin Yulduz” medali bilan taqdirlangan bir yuz uch nafar yurtdoshimizning ibratli hayoti va faoliyati haqida hikoya qilinadi.

Mazkur kitobda hayotning turli sinovlariga qaramay, sabot bilan mehnat qilib, xalqimiz farovonligi yoʻlida xizmat qilgan davlat va jamoat arboblari, olimlar, ishchiyu xizmatchilar, ustozlar, dehqonu chorvadorlar, sanʼat va madaniyat xodimlari, xullas, barcha jabhalarda olib borilayotgan yuksak bunyodkorlik ishlarida doimo kamarbasta boʻlgan zamondoshimizning umr yoʻllari aks etadi.

Tadbirda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq artisti, Munojat Yoʻlchiyeva, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, Senat aʼzosi Farmon Toshev, Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli xonandalari Adolat Ismoilova, Rustam Mirmuhsinov, estradamizning yorqin yulduzlari Farhod va Shirin, Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti magistranti Ahadjon Joʻrayevlar qatnashdi, shuningdek Samarqandlik “Oʻzbekiston Qahramonlari” ning oila aʼzolari ham ishtirok etishdi, deb yozmoqda Maʼrifat targʻibotchilar jamiyati matbuot xizmati.