105 milliard 421 million so‘mdan ziyod mablag‘ iste’molchilar foydasiga hisob-kitob qilingan

    Tashkilotning so'nggi yillardagi faoliyatiga nazar tashlasak, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar (ariza, shikoyat va takliflar) soni 83 ming 367 tani tashkil qilgan. Shularning 32 ming 305 tasi yozma, 41 ming 197 tasi og‘zaki, 9865 tasi elektron murojaatlar bo‘lgan.

    Mamlakatimizda 1996-yil 26-aprel kuni iste'molchilarning huquqiy himoyasi va uni tartibga solishga doir “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi qonun qabul qilingan. Bugun ushbu qonunning qabul qilinganiga 27 yil to’ldi.

    Qonun iste'molchilar va tadbirkorlar o'rtasida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi, iste'molchilarning tegishli sifatdagi tovarlar (xizmatlar)ni sotib olishi bilan bog'liq huquqlarini, tovarlar (xizmatlar), ishlab chiqaruvchilar (tayyorlovchilar) to'g'risida axborot olish, o'z manfaatlarini davlat va jamiyat tomonidan himoya qilinishi kabi ko’plab huquqlarini kafolatlaydi hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilab beradi.

    O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi mazkur qonun asosida ko’p yillardan beri respublikamizdagi barcha iste'molchilar haq-huquqlarini himoya qilish, aholida iste'molchilik madaniyatini, huquqiy savodxonlikni oshirish yo'lida jamoatchilik tashkiloti sifatida xizmat ko'rsatib kelmoqda.

    O'tgan davr mobaynida kelib tushgan murojaatlarning hal etilishi natijalariga ko‘ra, 105 milliard 421 million 527 ming 061 so‘m mablag‘ iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilib berilishiga erishildi. Shundan 1215 murojaat yuzasidan sud organlariga da’vo arizalari kiritildi. Federatsiya tizimidagi tashkilotlar tomonidan sud idoralariga kiritilgan da’vo arizalari bo‘yicha 6 milliard 940 million 991 ming 374 so‘m mablag‘ iste’molchilar foydasiga undirildi.

    Shuningdek, federatsiya tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik “Obod xonadon – yurt ko‘rki”, “Orolbo‘yini obod etaylik”, “Iste’molchilar uyi” va “Iste’molchi kutubxonasi” kabi ko'plab loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.