Oʻtgan kechasi Oʻzbekistonning shimoli-gʻarbiy hududlari boʻyicha qor koʻrinishidagi yogʻingarchilik kuzatildi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyati va Navoiy viloyatining shimolida ertalabga kelib, havo harorati -6...-11 daraja sovuqqacha, Ustyurtda -14 daraja sovuqqacha pasaydi.

Bugun kunduzi sovuq va nam havo massasi asta-sekin respublikaning barcha hududlariga tarqaladi. Barcha joylarda yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi. Fargʻona vodiysi hududlarida esa yogʻingarchilik kechga yaqin boshlanadi.

Ertaga qor koʻrinishidagi yogʻingarchilik Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Fargʻona vodiysi viloyatlarida saqlanib turadi. Respublikaning qolgan hududlarida yogʻingarchilik kutilmaydi.

11-12-dekabr kunlari respublikaning togʻli hududlarida baʼzi joylarda kuchli qor yogʻadi.

Chorshanbadan jumagacha Oʻzbekistonning barcha hududlari boʻyicha yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda.

11-13-dekabr kunlari sovuq kuchayadi va havo harorati kechalari -8...-13 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari -3...-8 daraja sovuqqacha, shimolda kechalari -15...-20 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari -7...-12 daraja sovuqqacha pasayadi. Respublika janubida kuchli sovuqlar kutilmaydi, kechalari harorat faqat -2...-7 daraja sovuqqacha pasayadi.

11-13-dekabrda yoʻllarda baʼzi joylarda yaxmalak yuzaga keladi.

14-15-dekabrda Oʻzbekiston hududidan sovuq havo massasi chekina boshlaydi va sovuq kuchsizlashadi. Ish haftasining oxirida havo harorati kechasi 0...-5 daraja sovuq, kunduzi +2...+7 daraja iliq, shimolda kechachi -7...-12 daraja sovuq, kunduzi 0...-5 daraja sovuq atrofida boʻladi.

Respublika boʻyicha baʼzi joylarga tuman tushadi. Ayrim joylarda shamol 17-22 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Poytaxtimizda: 11-12-dekabr kunlari vaqti-vaqti bilan yogʻingarchilik (yomgʻir qorga aylanadi) boʻladi, 13-15-dekabr kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. 11-12-dekabrda shamol tezligi vaqti-vaqti bilan 12-15 m/s gacha kuchayadi. 12-15-dekabrda yoʻllarda yaxmalak yuzaga keladi.

Harorat 11-dekabrda +3...+5 daraja iliq, 12 dekabrda kechasi va kunduzi -5...-7 daraja sovuq, 13-dekabrda kechasi -11...-13 daraja sovuq, kunduzi -5...-7 daraja sovuq boʻladi. 14-15-dekabrda harorat kechasi -2...-5 daraja sovuqqacha, kunduzi +2...+5 daraja iliqqacha asta-sekin koʻtariladi.