11 fevral` – Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni

    Ayollar va qizlarning ilm-fan bilan to'laqonli foydalanishlariga teng imkoniyatlar yaratilishi, shuningdek xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirish maqsadida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovasiyalar” to'g'risida rezolyusiyada 11 fevral – Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni deb e'lon qilingan.

    Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan o'tgan yili e'lon qilingan “Olima ayollar” tashabbuskor ilmiy loyihalar tanlovi ham aynan xotin-qizlarning ilm-fandagi o'rnini mustahkamlashga qaratilgan. Mazkur tanlov natijalariga ko'ra hozirgi kunda jami 8 mlrd. 467.5 million so'mlik 16 ta loyiha moliyalashtirildi.

    2020 yilning 1 iyunidan 1 sentyabrigacha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi va O'zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan Shvesiya elchixonasi ko'magida O'zbekiston olima ayollari uchun ilmiy-tadqiqot faoliyat sifatini oshirish va xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalarni nashr etish mahoratini oshirish bo'yicha treninglar o'tkazildi. Treninglarda qatnashish uchun tanlov doirasida 250 dan ortiq arizalar kelib tushdi, ulardan 51 kishi tanlab olindi. Trening va seminarlar ilm-fan sohasidagi yutuqlari uchun uch marotaba Scopus mukofoti sovrindori, iqtisodchi-olim Rauf Salaxodjaev tomonidan olib borildi.

    Joriy yilning 23 yanvar` kuni Innovasion rivojlanish vazirligida qizlar uchun eng yirik xalqaro texnologik tanlov – Technovation Girls Uzbekistan dasturining yangi mavsumi ochildi. Hozirda Technovation Girls Uzbekistan dasturi bo'yicha qizlar ta'lim olmoqda. 3 oy (fevral` – aprel`) davom etadigan mashg'ulotlar O'zbekistonning barcha hududlarida onlayn tarzda o'tkazilmoqda.

    Hozirda startap loyihalar tanlovlarida hamda xorijiy davlatlarga stajirovkaga yuborilayotgan yosh olimlar orasida ham ayol va qizlarning sonini ko'paytirish bo'yicha choralar ko'rilmoqda.

    Nazokat Abduqunduzova,

    Innovatsion rivojlanish vazirligi,

    Axborot xizmati rahbari