Respublikamiz bojxonachilari tomonidan kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining respublikamiz hududida noqonuniy muomalada boʻlishi va gʻayriqonuniy savdosiga qarshi tizimli kurash olib borilmoqda.
Xususan, Davlat bojxona qoʻmitasining Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari xodimlari tomonidan davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan koʻp bosqichli tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni aylanma yoʻllar orqali respublikamiz hududiga olib kirib, soʻngra ularni Toshkent shahrida pullashga uringan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.
Poytaxtimizning Bektemir tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirning dastlabki bosqichida avvaldan kuzatuvga olingan fuqaro boshqaruvidagi «Mersedes bens sprinter» rusumli yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda koʻzdan kechirildi.
Qarangki, mazkur avtomashina yukxonasidagi bodring solingan qoplar ostida 9 ta qopda hamda yoʻlovchi oʻrindigʻi ostidagi 1 ta qopda jami 6076 ta flakonda «Tropikamid» tomchi dorilari yashirilgan ekan.
Poytaxtimizning Bektemir tumanida tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur dorilarni qabul qilib olishi lozim boʻlgan shaxs ham qoʻlga olindi.
Jinoiy guruhning qingʻir rejasiga koʻra, mazkur dori vositalari keyinchalik shahar dorixonalari boʻylab tarqatilishi lozim edi.
Ushbu holatda huquqbuzarlardan olib qoʻyilgan «Tropikamid» kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining umumiy qiymati 1 mlrd. 93 mln. 680 ming soʻmni tashkil qilmoqda.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining tezkor xodimlari tomonidan poytaxtimizning Yangihayot tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi «Lasetti» avtotransport vositasi belgilangan tartibda koʻzdan kechirildi.
Natijada, mashina salonida 500 dona flakonda «Tropikamid» kuchli taʼsir etuvchi dori vositasi, 3 dona «Regapen» kapsulasi, 0.32 gr. gashish va 1 dona elektron tarozi borligi aniqlandi.
Tezkor tadbirning navbatdagi bosqichi Chilonzor tumanida davom ettirildi.
Bu gal avvaldan kuzatuvga olingan 2 nafar shaxslar Qatortol koʻchasida boshqa bir shaxsga 503 dona kuchli taʼsir qiluvchi modda - «Regapen» dori vositasini oldi-berdi qilishayotgan vaqtida toʻxtatib qolindi.
Shunday qilib, yuqoridagi holatlarda kelgusida yurtdoshlarimizning, ayniqsa yoshlarning salomatligiga jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan, qiymati salkam 1,1 mlrd. soʻmlik kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.