Osiyo chempionatida qitʼamizning 21 mamlakatidan jami 352 bokschi bahslarda ishtirok etishdi. Jumladan, Oʻzbekiston sharafini oʻsmirlar oʻrtasidagi janglarda 25 nafar, yoshlar oʻrtasida esa 24 nafar, jami 49 nafar sportchimiz himoya qilmoqda.
Musobaqa oʻsmirlar oʻrtasida 2006-2007-yillarda, yoshlar oʻrtasida esa 2004-2005-yillarda tavallud topgan bokschilar oʻrtasida tashkil etilgan. Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati doirasida qizlar yarim final janglarida ringga koʻtarildi va finalchilarni aniqlab berishdi. Ushbu bosqichga Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasining 11 nafar aʼzosi yetib kelgan boʻlsa, ulardan 9 nafari final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Yana ikki nafar qizimiz esa bronza medalini naqd qildi.
Quyida yoshlar (qizlar) oʻrtasida Osiyo chempionati finaliga yoʻl olgan sportchilarimiz bilan tanishing:
-48 kilogramm: Saidaxon Rahmonova,
-50 kilogramm: Robiyaxon Baxtiyorova,
-52 kilogramm: Munavvar Fozilova,
-54 kilogramm: Raʼno Muratbayeva,
-60 kilogramm: Muxlisa Toxirova,
-63 kilogramm: Setora Bahodirova,
-70 kilogramm: Aziza Zokirova,
-81 kilogramm: Oltinoy Sotimboyeva,
+81 kilogramm: Sahobat Husanova.
-57 kilogramm vazn toifasidagi qizimiz Ruxshona Oʻktamova tailandlik raqibasiga imkoniyatni boy berib qoʻygan boʻlsa, -66 kilogramm vazn toifasidagi vakilamiz Feruza Alijonova ham afsuski, qozogʻistonlik raqibasiga yutqazdi va har ikki bokschimiz bronza medalini naqd qildi.