Tadbirda Xorazm viloyati hokimi oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Gulsara Qurbonboyeva mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili ustuvor ekanligi, xalqimiz ogʻirini yengil qilish, insonlarning hayotdan rozi boʻlib yashashlariga koʻmaklashish, ayniqsa, muhtoj oilalar vakillari, ogʻir sharoitlarda yashayotgan ayollarni ijtimoiy muhofaza qilish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar haqida soʻz yuritdi.

Yangi uylar bilan taʼminlanganlar orasida 15-maktabda oʻqituvchisi Barno Berdimurodova ham bor. Yolgʻiz ayol bir boshi bilan farzandlariga halol luqma yedirib, ularni ham ota, ham ona oʻrnida tarbiyalab kelayotgan bu ayolni oʻz oʻrnida hayot qiyinchiliklari chetlab oʻtmadi. Surunkali kasallikdan soʻng turmush oʻrtogʻi vafot etdi. 3 nafar farzand otasiz qoldi. 25 yoshida suyanchigʻidan ayrilgan Barno ogʻir kunlarni boshdan kechirgan boʻlsada, aslo tushkunlikka tushmadi. Ayollik matonati, metin iroda bilan har qanday mashaqqatni mardonavor yengib kelyapti.

Bugun uning quvonchi cheksiz. U kishi ham imtiyozli uylardan birining sohibasi boʻldi. Oʻz xursandchiligini baham koʻrar ekan, ortga bir nazar tashlab, ogʻir kunlarini shunday esladi:

“Farzandlarim bilan uyma-uy sarson yurgan paytlarim boʻldi. Ana shunday ogʻir kunlar meni tobladi, kuchli boʻlishga undadi. Hayot sinovlarini faqat va faqat chidam, sabru bardosh bilan yengib oʻtish kerakligini angladim. Koʻpincha roʻzgʻorning kamu koʻstini toʻldira olmay qiynalardim. Qizlarim va oʻgʻlimning koʻngli oʻksimasligi uchun qancha harakat qilmay, uddalay olmasdim. Oilada baribir otaning oʻrni boʻlak...

Shu bugungacha tumandagi “Polvon” mahallasida joylashgan toʻyxonaning yertoʻlasida yashab keldik. Bu biz uchun yana bir sinov edi. Bugungi quvonchimni esa soʻz bilan taʼriflay olmaman. Ogʻir sharoitda qolgan, uy-joyga muhtoj bizdek ayollarni qoʻllab-quvvatlab, barcha imkoniyatlarni yaratib berayotgan Prezidentimizga ming rahmat.”

Uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga subsidiya asosida berilgan ushbu xonadonlarning boshlangʻich badal pullari toʻlab berildi.

– Uzoq yildan beri uy-joyga muhtoj edik. Endi oʻz uyimiz bor, — deydi “Ayollar daftari” roʻyxatida turuvchi Sabohat Razzoqova. – Kimningdir oldida xijolat boʻlmay, xotirjam yashay olaman. Hatto, yaqinlarim koʻrsatmagan bunday yaxshilikdan, davlatimizning eʼtibor va gʻamxoʻrligidan yashashga boʻlgan umidim, davlatimizga, yaxshi insonlarga ishonchim ortdi. Qiynalib kelayotgan men kabi ayollar holidan xabar olib, ularning mushkulini oson qilayotgan insonlarga, mana shu xayrli ishlarning boshida turganlarga tashakkur.

Uy-joy topshirishga bagʻishlangan tadbirda keng jamoatchilik vakillari, ibratli oilalar, nuroniy otaxon va onaxonlar, mahallalardagi xotin-qizlar faollari ishtirok etdi.

Gulnoza Umirova,

Xorazm viloyati Oila va xotin-qizlar

boshqarmasi matbuot kotibi.