13 kunlik chaqaloqda murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi

    Salomatlik 21 Fevral 2023 1722

    Qashqadaryo viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi rejali xirurgiya boʻlimida 13 kunlik chaqaloqda murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.

    Qusish, ovqat hazm qilish tizimining ishlamasligi shikoyati bilan Chiroqchidan boʻlimga keltirilgan qizaloqqa tugʻma yuqori ichak tutilishi tashxisi qoʻyildi. Aniqlanishicha, oshqozon osti bezi oʻralib, halqalangani sababli ingichka ichak qisilib, sut oshqozondan ingichka ichakka oʻtmay qolgan. Oshqozon ikki barobar kattalashgan.

    Murakkkab jarrohlik amaliyoti sababli ingichka ichak oshqozonga ulandi. Mutaxassislar fikricha, qalamdan ham ingichka boʻlgan ichakni ulash jarrohdan katta mahorat talab etadi.
    «Laparatomiya. Qorin boʻshligʻi reviziyasi.

    Gastroyeyunoanastomoz+Braun anastomozi. Qorin boʻshligʻi sanasiyasi va drenajlash» deb nomlangan mazkur amaliyot Turkiyada malaka oshirib kelgan mohir jarroh Bahrom Shukurov, uning shogirdlari Abdurahmon Botirov va Nilufar Bahorova tomonidan bajarildi. Ayni paytda goʻdakning ahvoli yaxshi.