Ertaga respublika boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat Buxoro, Navoiy viloyatlarida va respublika janubida kechga tomon baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, deya xabar beradi Oʻzgidromet.
Maʼlum qilinishicha, 12-noyabr kuni havo harorati deyarli oʻzgarmaydi va kechalari +2...+7 daraja iliq, kunduz kunlari +12...+15 daraja iliq atrofida, baʼzi joylarda +17 daraja iliqqacha boʻladi.
13-noyabrda Oʻzbekiston hududiga nam va sovuq havo massalari kirib keladi. Respublikaning katta qismida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari boshqa hududlarda yomgʻir yogʻadi, togʻli hududlarda qorga aylanadi. Havo harorati kunduzi +5...+10 daraja iliqqacha pasayadi. 13-noyabr kechga tomon yomgʻir yogʻishi deyarli barcha joylarda toʻxtaydi.
14-15-noyabr kunlari respublika boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat Fargʻona vodiysining ayrim joylarida 14-noyabrga oʻtar kechasi biroz yomgʻir yogʻishi mumkin.
14-15-noyabrda harorat kechalari 0...+3 daraja iliqqacha, baʼzi joylarda -2 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduz kunlari 14-noyabrda +5...+10 daraja iliq, 15-noyabrda +8...+13 daraja iliq atrofida boʻladi.
Sharqiy shamol yoʻnalishini oʻzgartirib, gʻarbdan 7-12 m/s tezlikda esadi, 13-noyabrda baʼzi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayadi. Kechasi va ertalab baʼzi joylarga tuman tushishi mumkin.
Poytaxtda bugun va ertaga yogʻingarchilik kutilmaydi. 13-noyabr chorshanba kuni vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, shamol 10-12 m/s gacha kuchayadi. 14-15-noyabrda yogʻingarchilik kutilmaydi.
Harorat asosan 11-12-noyabrda kechalari +2...+5 daraja iliq, kunduz kunlari +12...+15 daraja iliq boʻladi. 13-noyabrda kechasi va kunduzi +5...+8 daraja iliq boʻladi. 14-15-noyabrda kechalari 0...-2 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduz kunlari +8...+11 daraja iliq boʻladi.