13-sentyabr kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisida Senat Raisi o'rinbosari masalasi ko'riladi

    Yalpi majlisda bir qator qonunlar ham muhokama qilinadi.

    Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi, deb yozmoqda axborot xizmati.

    Majlisda Oliy Majlis Senatining o'ttiz ikkinchi yalpi majlisini 2022-yil 13-sentyabr kuni chaqirish to'g'risida qaror qabul qilindi. Yalpi majlisda bir qator masalalar ko'rib chiqilishi rejalashtirilgan.

    Unda Senatorlar O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o'rinbosari to'g'risidagi masalani ko'rib chiqadilar. Shu bilan birga, yalpi majlisda bir qator qonunlar muhokama qilinadi. Xususan, “Elektron tijorat to'g'risida”gi, “Tashqi mehnat migratsiyasi to'g'risida”gi, “elektron raqamli imzo to'g'risida”gi qonunlar shular jumlasidan.

    Yalpi majlisda O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg'armalari byudjetlarining 2022-yil I-yarim yilligi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining 2022-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati to'g'risidagi axborotini eshitish rejalashtirilgan.

    Tadbir yakunida Senat Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.