13 ta tuman innovatsion hududga aylantiriladi

    Fan 3 Aprel 2021 2126

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni (PF-6198-son, 01.04.2021-y.) qabul qilindi.

    Farmon bilan Innovatsion rivojlanish vazirligining asosiy vazifalari hamda 2021-2022-yillardagi ustuvor faoliyat yoʻnalishlari belgilandi.

    Farmonga muvofiq, hududlarda ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish maqsadida Vazirlik tizimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar innovatsion rivojlanish boshqarmalari tashkil etildi.

    Shuningdek, Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi unga Ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini tijoratlashtirish Prezident jamgʻarmasi va Yoshlar akademiyasining iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini qoʻshib olish yoʻli bilan Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi etib qayta tashkil etildi.

    Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlar roʻyxati (13 ta) tasdiqlandi.

    OTMning ilmiy va innovatsion faoliyatini baholash tizimi joriy qilinadi.

    Shunga koʻra, har yil yakuni boʻyicha ilmiy tashkilotlarning hamda har oʻquv yili yakuni boʻyicha OTMning ilmiy va innovatsion faoliyati baholanadi.

    Baholash natijalariga koʻra, OTM va ilmiy tashkilotlar rahbarlariga nisbatan ragʻbatlantirish yoki intizomiy jazolarni qoʻllash haqida tegishli vazirlik va idoralarga taqdimnoma kiritiladi.