13 yoshida dars berayotgan o‘quvchi vazir bilan uchrashdi

    Izzatbek Yusupov Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi 13-maktabining 7-sinfi o‘quvchisi. Til o‘rganishga ishtiyoqi baland bo‘lgani bois rus va ingliz tillarini mukammal biladi.  Buning natijasida nafaqat maktab, balki viloyat va respublika bosqichidagi tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

    Izzatbek darsdan keyin bo‘sh vaqtida onasi bilan ingliz tilida suhbatlashadi, birgalikda dars tayyorlaydi. Olgan bilimlarini boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga kichik dars mashg‘ulotlari tashkil etib, o‘rgatadi.

    Til o‘rganish va o‘rgatishdan bo‘sh vaqtlarida iqtidorli o‘quvchi she’r va hikoyalar yozadi. “Kamalak yulduzlari” festivalining viloyat bosqichida “Nazm va nashr” yo‘nalishida ishtirok etgan Izzatbek 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, respublika bosqichida ishtirok etishga ham muvaffaq bo‘lgan. Uning “Orzular bahori” she’riy to‘plamida dastlabki ijodidan namunalar chop etilgan. Izzatbekning she’r va hikoyalari turli nashrlarda muntazam ravishda e’lon qilinmoqda. “Non isi”, “Yo‘l-yo‘lakay”, “Sovg‘a” nomli hikoyalari gazeta va jurnal sahifalaridan ham o‘rin olgan.

    XTV axborot xizmati vazir Baxtiyor Saidovning iqtidorli o‘quvchi, shuningdek, shu maktabning yana bir iqtidorli o‘quvchisi Zahroxon Rahmatullayeva bilan uchrashganini yozmoqda.